Ispaniyada “Rossiya mafiyasi”ning 23 a’zosi qo‘lga olindi
Olam
−
17 dekabr 2020
11177Ispaniya milliy politsiyasi “Rossiya mafiyasi”ning pul yuvish bilan shug‘ullanishda gumon qilingan guruhiga qarshi operatsiya davomida 23 kishini hibsga oldi. Bu haqda qirollik huquq-tartibot idoralarining press-relizida aytilgan.
Politsiyaning tushuntirishicha, hibsga olinganlar orasida sakkiz nafar Rossiya, ikki nafar Ukraina, bir nafardan Qozog‘iston, Jazoir va Ispaniya fuqarolari bor. Huquq-tartibot idoralari xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, tashkilot advokatlar, amaldorlar, siyosatchilar, ishbilarmonlar va xakerlar yordamida Ispaniya iqtisodiyotining muhim tarmoqlari ustidan nazoratni qo‘lga kiritish va davlat idoralariga kirib borishni rejalashtirgan. Tergov 2013 yilda politsiya rus mafiyasi Ispaniyada o‘z faoliyatini kuchaytirgani, o‘zlarining jinoiy harakatlaridan tushgan pullarni biznesga, asosan diskoteka, restoranlar va ko‘chmas mulk sektorida sarflaganini aniqlaganidan so‘ng boshlangan.
“Jinoyatchilik faoliyati qotillik, tovlamachilik, giyohvand moddalar savdosi, qurol-yarog‘, odam savdosi kabi jinoyatlarni o‘z ichiga olgan ushbu tashkilotlarning Yevropada ko‘plab filiallari mavjud. Shuningdek, ular Janubiy Amerika va Qo‘shma Shtatlarda ham o‘z faoliyatini olib bormoqda. Ushbu jinoiy faoliyatdan olingan foyda Ispaniyada turli xil korxonalarda, asosan dam olish, mehmonxona va ko‘chmas mulk sohalarida, Rossiya jinoiy sindikatlar bilan bog‘liq bo‘lgan rus ishbilarmonlari orqali sarmoyalangan, deyiladi politsiya axborotida.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, tergov Yevropol bilan hamkorlikda o‘tkazilgan. Ispaniyada hibsga olinganlar pora olish va pul yuvish operatsiyalariga ko‘maklashish bilan shug‘ullangan. Asosiy gumonlanuvchilardan biri turli xil davlat idoralarida, ulardan jinoiy tarmoq manfaatlari yo‘lida foydalanish maqsadida xayriya tadbirlarida qatnashgan. Politsiyaning qo‘shimcha qilishicha, tashkilot davlat idoralarida shu qadar chuqur ildiz otganki, tergov ma’lumotlarining tarqalib ketish xavfi mavjudligi tufayli juda ehtiyotkorlik bilan olib borilishi kerak.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tintuvlar davomida bir qancha qurollar musodara qilingna, 300 ming yevro naqd pul, olmos va ko‘plab bank hisob raqamlari bloklangan. Bu so‘nggi 10 yil ichida Ispaniyada o‘tkazilgan Sharqiy Yevropadan kelgan mafiyalarga qarshi eng yirik tergov hisoblanadi.
LiveBarchasi