Ispaniyada qonuniy muhojirlar ovoz bera oladimi?
Olam
−
18 fevral 280 2 daqiqa
Ispaniya hukumatining 500 mingga yaqin hujjatsiz muhojirni qonuniylashtirish qarori ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga sabab bo‘ldi. Ayrim postlarda ularga avtomatik tarzda ovoz berish huquqi berilishi, hatto tezlashtirilgan tartibda fuqarolik olishi haqida da’volar tarqaldi, ammo amalda vaziyat boshqacha. Bu haqda “Euronews” yozdi.
Qaror joriy yilning aprel oyidan kuchga kirishi kutilmoqda. U kamida 2025 yil dekabrigacha Ispaniyada yashagan yoki boshpana so‘ragan, jinoiy o‘tmishga ega bo‘lmagan shaxslarga bir yillik yashash va ishlash ruxsatini beradi. Bu – fuqarolik emas.
Ispaniya qonunchiligiga ko‘ra, milliy va avtonom hududiy saylovlarda faqat Ispaniya fuqarolari ovoz bera oladi. Yevropa parlament saylovlarida esa mamlakatda yashovchi YeI fuqarolari ishtirok etishi mumkin. Mahalliy saylovlarda ayrim YeIga kirmaydigan davlat fuqarolariga o‘zaro kelishuv asosida cheklangan huquq beriladi, xolos.
Shuningdek, “ikki yilda fuqarolik berilishi” haqidagi iddaolar ham to‘liq haqiqat emas. Bunday imtiyoz faqat ayrim mamlakatlar – Portugaliya, Filippin, Andorra, Ekvatorial Gvineya va ko‘pchilik Lotin Amerika davlatlari fuqarolariga taalluqli. Qolganlar uchun odatda 10 yillik qonuniy yashash talab etiladi (qochqinlar uchun 5 yil). Har qanday holatda ham bir yillik rezidensiya fuqarolik uchun yetarli emas.
Xulosa qilib aytganda, Ispaniyaning yangi qarori muhojirlarga qonuniy maqom va mehnat qilish huquqini beradi, ammo saylovlarda ovoz berish yoki avtomatik fuqarolik imkonini taqdim etmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 27 yanvar kuni Ispaniya hukumati mamlakat hududida noqonuniy ravishda yashab kelayotgan 500 ming nafar muhojirga bir yillik qonuniy yashash va ishlash ruxsatnomasi berishini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi