Ispaniya sobiq bosh vaziri poraxo‘rlikda ayblanmoqda
Olam
−
20 may 921 2 daqiqa
Ispaniya sobiq bosh vaziri Xose Luis Rodriges Zapatero COVID-19 pandemiyasi davrida xususiy aviakompaniyani “inqirozdan qutqarish” uchun pora olganlikda va boshqa tegishli jinoyatlarda ayblanib tergov qilinmoqda. Bu haqda Ispaniya Oliy sudiga tayanib, “Al Jazeera” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Oliy sud sobiq amaldorning uyi va ofisini tintuv qilish bo‘yicha order bergan. Kecha, 19 may kuni prokuratura xodimlari ishtirokida Zapateroning uyi va ofisi tintuv qilingan. Tergov jarayoni 2021 yilda SEPI davlat xoldingi orqali 53 million yevro pora evaziga “Plus Ultra” aviakompaniyasini inqirozdan qutqarib qolish bilan bog‘liq. 2025 yilning dekabr oyida aviakompaniyaning bir nechta rahbar xodimlari, jumladan, bosh direktor Xulio Martines ham xibsga olingan.
Zaparetoga qo‘yilgan ayblovlarga ko‘ra, u o‘sha paytdagi Transport vaziri Xose Luis Abalosga kompaniyani bankrot holatidan saqlab qolish uchun bosim o‘tkazgan.
Sobiq bosh vazir ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga o‘z videomurojaatini joylagan. Murojaatda u o‘zining mutlaqo aybsizligi va unga qo‘yilayotgan ayblovlar uni siyosiy doiralardan siqib chiqarish uchun uyushtirilayotganini aytgan.
“Men yana bir bor ta’kidlaymanki, “Plus Ultra”ni qutqarish uchun hech qanday davlat ma’muriyati yoki sektori bilan kelishuvga erishmaganman. Bularning barchasi tuxmat. Bu ishlar meni imkon qadar siyosiy doiralardan chetlatish uchun uyushtirilmoqda,” deydi sobiq amaldor.
Oliy sudning bildirishicha, tergov bo‘limi o‘sha paytda Zapatero ofisida ishlagan xodimlar va ushbu ishga aloqador barcha shaxslar tergovga jalb qilinadi. Shuningdek, sud Zapateroning da’volarini inobatga olgan holda ushbu ish doirasida siyosiy lobbilar faoliyati tekshirilishini bildirgan.
Qayd etilishicha, sobiq bosh vazir joriy yilning 2 iyun kuni Madriddagi Bosh prokuratura binosida tergov qilinadi.
Ma’lumot o‘rnida, Luis Zapatero 2004-2011 yillar mobaynida Ispaniya hukumatini boshqargan. U siyosatda o‘zining sotsialistik qarashlari bilan nom qozongan.
Bugun, 20 may kuni Ispaniyaning amaldagi Bosh vaziri Pedro Sanchez o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga Zapateroning aybsizligiga ishonishi va uni qo‘llab quvvatlashini aytib, post qoldirgan.
“Uning bu ishda aybsizligiga ishonaman. Umid qilamanki, Oliy sud uni oqlaydi. Men tergov jarayonida Luis Zapateroni qo‘llab-quvvatlayman,” deydi Sanchez.
Hojiakbar Muhammadjonov
Live
Barchasi