Ispaniya shaharlari suv ostida qoldi (video)
Olam
−
30 Oktabr
3780Kecha, 29 oktyabr kuni Ispaniya janubi-sharqida kuchli jala oqibatida yo‘llar va shaharlar suv ostida qoldi. Suv toshqinlaridan zarar ko‘rgan hududlarda bir necha kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Valensiya avtonom hamjamiyati rahbari Karlos Mazonga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
“Vafot etganlarning jasadlari topildi, lekin oilalarga hurmat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot bermaymiz”, dedi Valensiya rahbari.
Nashrga ko‘ra, Ispaniya Davlat meteorologiya agentligi Valensiyaning sharqiy qismida qizil xavf darajasini e’lon qilgan. Radio va telekanallarga suv bosgan hududlarda qolib ketgan yoki yaqinlarini izlayotgan fuqarolardan yordam so‘rab yuzlab qo‘ng‘iroqlar kelgan, chunki favqulodda xizmatlar barcha jabrlangan aholi punktlariga yetib bora olmagan. Mazonning so‘zlariga ko‘ra, ayrim hududlarga yetib borish mutlaqo imkonsiz.
“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuvlarda odamlarning suv oqimiga tushib qolmaslik uchun daraxtlarga yopishib turganini, avtomobillarning suvga to‘lgan ko‘chalarda qolib ketganini ko‘rish mumkin”, deyiladi xabarda.
Bugun, 30 oktyabr kuni Valensiya shahri meriyasi maktablardagi mashg‘ulotlar va sport tadbirlari bekor qilinishini hamda shahar bog‘lari yopiq qolishini ma’lum qilgan.
Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches voqealarni xavotir bilan kuzatayotganini bildirgan va jabrlangan hududlarda yashovchi fuqarolarni zaruratsiz safarlardan saqlanishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Filippinning shimoli-sharqida sodir bo‘lgan tropik “Trami” bo‘roni keltirib chiqargan toshqinlar va ko‘chkilar oqibatida 97 kishi halok bo‘lgan edi.
LiveBarchasi