Ispaniya gollarga boy o‘yinda “shaxmatchilar”ni mag‘lub etdi

Sport

image

Yevropa chempionati 1/8 finalining navbatdagi uchrashuvida Ispaniya terma jamoasi Xorvatiyani mag‘lub etdi. Uchrashuv Kopengagendagi (Daniya) “Parken” stadionida bo‘lib o‘tdi va qo‘shimcha bo‘limlardan so‘ng 5:3 hisobi bilan yakunlandi.

Ispaniya terma jamoasi yarim himoyachisi Pedri va darvozabon Unai Simon o‘yinning 20-daqiqasida kulgili avtogolga sababchi bo‘lishdi. Ispanlar darvozaboni o‘z jarima maydonchasida Pedrining uzatmasini qabul qila olmadi. To‘p uzoq burchakka borib tushdi va xorvatlar hisobda oldinga chiqib oldi. 38-daqiqada Pablo Sarabiya hisobni tenglashtirdi. 57-daqiqada ispanlar chap qanot orqali hujum tashkil etishdi. Sesar Aspilikueta bosh bilan gol urib, ispanlarni oldinga olib chiqdi. 

77-daqiqada qarshi hujumdan unumli foydalangan Ispaniya hujumchisi Ferran Torres Xorvatiya darvozasiga uchinchi golni urdi. 

Xorvatiya hujumlar qilishda davom etdi. 85-daqiqada yarim himoyachi Miroslav Orshich gol urib, hisobdagi farqni minimal darajaga tushirdi. Uchrashuvning asosiy vaqti yakunlanayotgan bir pallada Orshich chap qanotdan jarima maydonchasiga to‘pni uzatdi, ushbu vaziyatda Mario Pashalich raqibidan ilgarilab, boshi bilan zarba berdi va hisobni tenglashtirdi.

Biroq qo‘shimcha daqiqalarda Ispaniya ikkita gol urdi: 100-daqiqada Alvaro Morata, to‘rt daqiqadan so‘ng Mikel Oyarsabal raqib darvozasini ishg‘ol etdi. Xorvatiya ekstra-taymlarda o‘z o‘yinini ko‘rsata olmadi.

Uchrashuvda g‘alaba qozongan Ispaniya chorak finalda amaldagi jahon chempionlarini mag‘lub etgan Shveysariya termasiga qarshi bahs olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, ayni damda Yevro-2020 1/4 finalining uchta juftligi ma’lum bo‘ldi. Musobaqaning chorak finalida Ispaniya va Shveysariyadan tashqari, Chexiya terma jamoasi Daniya bilan, Italiya esa Belgiya bilan to‘qnash keladi.

Humoyun Oripov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Ispaniya Evropa chempionati

Baholaganlar

7

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing