Ismoilov Mirziyoyevning maktubini Aliyevga yetkazdi
Jamiyat
−
17 may 2022
4742Kecha, 16 may kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov boshchiligidagi parlament delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Nurdinjon Ismoilov Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga 28 may – Ozarbayjon Mustaqilligi kuni munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrik maktubini topshirgan.
Shuningdek, uchrashuvda Ozarbayjon tarixiy, til va madaniy mushtarakliklari bilan bog‘langan qardosh O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligi ta’kidlangan. Ilhom Aliyev O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lishi muhimligini bildirgan.
“Prezident Ilhom Aliyev mamlakatlarimizning boshqa xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT, YeXHT, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasidagi muvaffaqiyatli hamkorligiga ham to‘xtalib o‘tdi. Davlatimiz rahbari qardosh turkiy davlatlarning Ozarbayjon hududiy yaxlitligini tiklash masalasiga munosabatini mamlakatimiz yuksak qadrlashini ta’kidladi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, uchrashuvda ikki tomonlama ko‘p qirrali munosabatlarning rivojlanish dinamikasi yuqori baholanib, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etilgan.
Samimiy muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p tomonlama aloqalarni izchil rivojlantirish, parlamentlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan fikr almashilgan. Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda ikki tomon manfaatlariga xizmat qiluvchi boshqa masalalar ham muhokama qilingan.
LiveBarchasi