Ismoil Xoniya kim edi?
Tahlil
−
31 iyul
19332HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniya bugun, 31 iyul kuni Tehronda Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonning inauguratsiya marosimida ishtirok etgandan so‘ng o‘ldirildi. Uning qo‘riqchisi Xoniya bilan birga jon berdi. Xoniya qarorgohi havo hujumiga uchradi. HAMAS buning uchun Isroilni aybladi. Isroil rasmiylari falastinlik siyosatchining o‘ldirilishi bo‘yicha izoh berishdan bosh tortdi.
Hozirda Islomiy Qarshilik Harakati yetakchilaridan birining o‘limi sabablari o‘rganilmoqda.
Ismoil Xoniya kim va u qanday qilib HAMASga kirgan?
Ismoil Abdul Salom Ahmad Xoniya 1963 yil 29 yanvarda G‘azo sektoridagi ash-Shati falastinlik qochqinlar lagerida tug‘ilgan. 1987 yilda Xoniya G‘azo Islom universitetining arab adabiyoti fakultetini tamomlagan.
Universitetda tahsil olayotganda u faol talabalik hayotini olib bordi va 1987 yilda Harakat al-Muqavvama al-Islomiya (HAMAS – “Islomiy qarshilik harakati”) tarkibiga kirgan islomchi talabalar jamiyatini boshqargan. Xuddi shu 1987 yilda HAMAS tuzilgan. Xoniya 2004 yil martida o‘ldirilgan HAMAS asoschisi Shayx Ahmad Yasinga yaqin bo‘lgan.
Isroil rasmiylari tomonidan birinchi hibsga olinishi
1988 yilda Isroil hukumati Xoniyani 1987-1993 yillarda Isroil davlatiga qarshi Falastin xalqining birinchi norozilik harakatida ishtirok etgani uchun hibsga oldi. U olti oyga qamalgan. Ikkinchi hibsga olish 1989 yilda sodir bo‘ldi. Bu safar u va boshqa faollar Janubiy Livanga deportatsiya qilindi.
G‘azoga qaytish va HAMAS bilan ishlash
1993 yilda Xoniya G‘azoga qaytishga muvaffaq bo‘ldi. O‘shanda Norvegiya poytaxti Osloda Isroil-Falastin mojarosini hal qilish bo‘yicha kelishuvlar imzolangandi. 1994 yilda Xoniya o‘zi o‘qigan universitetning fakultetlaridan birining dekani bo‘lgan, 1997 yilda esa HAMASning ruhiy rahbari Shayx Ahmad Yasin idorasini boshqargan. Yasin o‘limidan so‘ng Xoniya HAMAS yetakchilaridan biriga aylandi va tashkilotning G‘azo sektoridagi faoliyatiga rahbarlik qildi. U Isroilni yo‘q qilish haqidagi ommaviy chaqiriqlardan qochishga harakat qildi, buning uchun uni mo‘tadil islomchi, pragmatist va malakali muzokarachi deb atay boshlashdi.
Bundan tashqari, Xoniya HAMAS va Falastin milliy ozodlik harakati (Fath) o‘rtasida vositachi bo‘ldi. Fath tashkiloti Falastin Ozodlik Tashkilotining asosiy siyosiy kuchi bo‘lib, u xalqaro miqyosda falastinliklar manfaatlarini rasman ifodalaydi. HAMAS bunga kirmaydi.
Siyosiy martaba
2006 yilda Falastin milliy ma’muriyatiga bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida u HAMAS tashkiloti ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi. Saylovda g‘alaba qozonganidan so‘ng, Xoniyaning aytishicha, HAMAS bundan Fath va barcha milliy kuchlar bilan hamkorlikni Falastin xalqi manfaatlariga javob beradigan siyosiy yo‘nalish yaratish uchun ishlatadi.
O‘sha yilning fevral oyida Xoniya bosh vazir bo‘ldi. 2007 yilning fevraligacha Xoniya bir partiyali HAMAS hukumatini boshqargan.
2006 yilda Xoniyaning hayotiga suiqasd qilingan. Uning korteji Fath harakati faollari tomonidan otilgan. 2007 yilning mart oyida HAMAS va Fath o‘rtasida erishilgan kelishuvlardan so‘ng, Xoniya milliy birlik hukumatini boshqargan.
2007 yil 14 iyun kuni G‘azo sektorida hokimiyatni HAMAS qo‘lga kiritgandan so‘ng, Fath G‘azodan haydalgan. Mahmud Abbos Xoniya hukumatini tarqatib yubordi. Biroq u tarqatib yuborish to‘g‘risidagi farmon noqonuniy ekanligini aytdi. Faqat HAMAS a’zolari qolgan hukumat 2014 yilgacha G‘azo sektorida faoliyatini davom ettirdi. Bu davrda isroilliklar bilan qarama-qarshilik davom etdi: G‘azodan Isroilga raketa hujumlari uyushtirildi va Tel-Aviv bunga javoban sektorni iqtisodiy blokada qildi. Bu hududdagi turmush sharoitining sezilarli darajada yomonlashishiga olib keldi. Aslida G‘azo sektori Mahmud Abbos boshchiligidagi Falastin hukumati nazorati ostida emas, balki anklavga aylangandi.
2014 yilning bahorida Xoniya bosh vazirlikdan iste’foga chiqdi va shu tariqa Fath va HAMAS vakillaridan iborat milliy birlik hukumatini tuzishga yo‘l ochdi.
Keyingi voqealar
2014 yildan 2017 yilgacha Xoniya tashkilotning G‘azo sektoridagi yetakchisi bo‘lib, uning o‘rniga Yahyo Sinvar keldi. Xoniya 2017 yildan to vafotigacha HAMAS siyosiy byurosini boshqargan.
2018 yil yanvar oyida AQSH Davlat departamenti Ismoil Xoniyani “global terrorchi” deb e’lon qildi. Buni uning amerikaliklar 1997 yildan beri rasmiy ravishda terrorchi, 2001 yildan esa o‘ta xavfli deb tasniflagan tashkilotga rahbarlik qilganiga asoslanadi.
AQSH prezidenti Donald Tramp 2020 yil yanvar oyida Falastin-Isroil muammosini, asosan, Isroil manfaatlarini hisobga olgan holda hal qilish rejasini e’lon qilganidan so‘ng, Xoniya AQSH tashabbusi “Falastin milliy loyihasini yo‘q qilish”ga qaratilgan, degan fikrni bildirdi. Xoniya va Abbos kelishuvga qarshi chiqish uchun birgalikdagi qadamlar haqida kelishib oldi.
Shahsiy hayot
Xoniyaning 13 farzandi bor edi.
2024 yilning 10 aprelida Isroil havo hujumi oqibatida G‘azo sektoridagi Shati qochqinlar lagerida uch o‘g‘il va uch nabira halok bo‘ldi.
2024 yilning 1 aprelida Xoniyaning singlisi Sabah Isroil hukumati tomonidan HAMAS a’zolari bilan aloqadorlikda, terrorga chaqirishda va terrorchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda gumonlanib hibsga olingan.
Xoniya Qatarda yashardi.
HAMASning qisqacha tarixi
HAMAS 1987 yil 14 dekabrda Shayx Ahmad Yasin tomonidan “Musulmon birodarlar” tashkiloti tarkibida tashkil etilgan. Bu nom “Harakat al-Mukavatah al-Islomiya” so‘zining qisqartmasi. HAMASning mafkurasi 1988 yil avgustida qabul qilingan Islom Xartiyasiga asoslanadi. U Isroilning mavjud bo‘lish huquqini tan olmaydi va 1948 yilda Isroil tashkil etilishidan oldin majburiy Falastin tomonidan bosib olingan barcha hududda Falastin davlatini yaratish maqsadini qo‘yadi.
Harakat huquqiy siyosiy qanot va yarim harbiylashtirilgan “Izzad-Din al-Qassam” brigadalaridan iborat. Harbiy qanotning kattaligi, ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, taxminan 10-12 ming kishi. Brigadalarning asosini Eron va Suriyada harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan bir necha yuz nafar jangchi tashkil etadi.