Islom Karimov davrida O‘zbekiston yakkalanib qolgan edi – Ekspert
Intervyu
−
06 Oktabr 2023
32229Agar O‘zbekistonning tashqi siyosati haqida gapiradigan bo‘lsak, bir qator ekspertlarning fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining asosiy muammosi, ya’ni mamlakatning yakkalanishini allaqachon yengib o‘tgan. Bugun esa uning uchun AQSH, Rossiya, Xitoy, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa bir qator davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirish foydalidir. Ya’ni, u manyovr qilishga harakat qilmoqda. Xsh, bu qanchalik muvaffaqiyatli? Ushbu savol “BIZNES Online” loyihasining Rossiya Fanlar akademiyasining Ye.M.Primakov nomidagi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar milliy tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi, Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis Stanislav Pritchin bilan suhbatida ko‘tarilgan.
Uning qayd etishicha, bugungi kunda xalqaro maydonda O‘zbekistonni yakkalab qo‘yish masalasi kun tartibida emas.
“Ilgari Islom Karimov davrida Toshkent yakkalanib qolgan edi. Ammo 2016 yilda Shavkat Mirziyoyev bir necha oy ichida tashqi siyosatni tom ma’noda qayta tuzib, to‘planib qolgan bir qator muammolarni hal qildi. O‘rta Osiyoni bo‘lib turgan davlatdan O‘zbekistonni Markaziy Osiyoni birlashtiruvchi davlatga aylantirdi. Mintaqaviy muloqotni tiklash g‘oyasini aynan O‘zbekiston Prezidenti ilgari surgani bejiz emas. Yaqinda Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari darajasidagi maslahatlashuv formatining beshinchi yubiley uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu ko‘p jihatdan Shavkat Mirziyoyevning xizmatlaridir”, deydi Pritchin.
Uning bildirishicha, O‘zbekistonning asosiy muammosi – geografik cheklovlar. O‘zbekiston materikdagi ikki baravar qulflangan davlatdir. Dunyoda ikkita shunday davlat bor – O‘zbekiston va Lixtenshteyn.
“Ular Jahon okeaniga chiqish uchun ikki davlat bilan chegaralarni bosib o‘tishlari kerak. Bir tomondan, buni kamchilik sifatida ko‘rish mumkin. Boshqa tomondan, O‘zbekiston Yevroosiyo markazida Xitoy, Rossiya, Afg‘oniston va Turkmaniston yoki Qozog‘iston orqali G‘arbga olib boradigan an’anaviy transport yo‘nalishlari chorrahasida joylashgan. Yo‘llar odatda ishlaydi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda yangi transport yo‘nalishlarini faollashtirish jarayoni jadallashtirildi”, deydi.
Pritchinga ko‘ra, Afg‘oniston har qancha urinishlariga qaramay, O‘zbekiston tovarlarini Pokiston va Hindistonga eksport qiladigan haqiqiy tranzit davlatga aylana olmagan. Xitoy bilan Qirg‘iziston orqali o‘tadigan temir yo‘lni moliyalashtirish formatini qurishning imkoni yo‘q. Umuman olganda, Turkmaniston bilan bog‘liq masalalar hal bo‘lgan, biroq oqim Kaspiy portlarining sig‘imi bilan cheklangan.
“Aslida, eng samarali yo‘nalish Qozog‘iston orqali Rossiyaga savdoning shimoliy vektoridir. Boshqa sohalar katta investitsiyalar va siyosiy kelishuvlarni talab qiladi. O‘zbekiston buni amalga oshirishga harakat qilmoqda, biroq hammasini oldindan aytib bo‘lmaydi va har doim ham Toshkent xohlagan formatda ishlamaydi. Masalan, 2021 yilda Markaziy Osiyo – Janubiy Osiyo transport yo‘lagi bo‘yicha keng ko‘lamli konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ammo bir oy o‘tgach, amerikaliklar nihoyat Afg‘onistondan chiqib ketishdi va bu mintaqadagi barcha konfiguratsiyani o‘zgartirdi. Hozir transport koridori masalasi hal etilmagan. Ammo “Tolibon” bilan muzokara olib borish ancha qiyin va bugun bu sohada aniq bir narsa aytish mumkin emas”, deydi ekspert.
Eslatib o‘tamiz, ushbu intervyuda Pritchin Rossiya-O‘zbekiston munosabatlarini cheklovchi omil Islom Karimovning ehtiyotkor siyosati bo‘lganini aytgan edi.
LiveBarchasi