Ishlayotgan onalarga farzandi 1 yoshga to‘lguncha nafaqa beriladi
Jamiyat
−
16:06 190 2 daqiqa
2027 yil 1 yanvardan mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xotin-qizlarga homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin farzandi 1 yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash nafaqasi to‘lanadi. Bu haqda Prezidentning kecha, 11 sentyabrda e’lon qilingan “Barqaror ish o‘rinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 193-sonli farmonida so‘z boradi.
Farmonga ko‘ra, nafaqa Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan to‘lanadi. Shuningdek, 2027 yil 1 yanvardan aholining ijtimoiy yordam va xizmatlarga muhtojligini o‘rganish hamda ularni Ijtimoiy reyestrga kiritishda yangi ko‘p o‘lchovli baholash tizimi joriy etiladi. Bunda oilaning nafaqat moliyaviy holati, balki oila a’zolaridagi surunkali kasalliklar, nogironlik, tashqi mehnat migratsiyasi, ko‘p bolalilik kabi mezonlar ham hisobga olinadi.
Ko‘p o‘lchovli baholash doirasida oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati balli skoring tizimi orqali baholanadi. Natijalarga ko‘ra, oilalar tegishli toifalarga ajratilib, ijtimoiy yordam va xizmatlar bilan qamrab olinadi.
Farmon bilan “Saxovat va ko‘mak”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari” jamg‘armalari saqlab qolinadi. Biroq ular mablag‘larini tasarruf etish, shuningdek, ushbu mablag‘lar hisobidan ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish vakolatlari tuman va shahar shtablariga o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, Ijtimoiy reyestrning “davlat ta’minotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalar a’zolariga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida qo‘shimcha foizsiz kreditlar ajratiladi. Bu maqsad uchun joriy yilda 100 milliard so‘m, 2027 yilda esa 300 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mazkur masala ko‘tarilgan edi. Unda mamlakat rahbari tomonidan ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga to‘lguniga qadar Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasidan nafaqa to‘lanishi haqida ma’lum qilingan edi.
Live
Barchasi