“Ishlagan – tishlaydi”. Qo‘shimcha ishlagan o‘qituvchilarga to‘lanadigan ustamalar ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
27 aprel 2023
9530O‘zbekiston umumta’lim muassasalari o‘qituvchilari va xodimlariga qo‘shimcha pedagogik faoliyat uchun to‘lanadigan ustamalar ma’lum qilindi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan brifingida aytib o‘tildi.
Quyida o‘qituvchilarning qo‘shimcha pedagogik faoliyati uchun beriladigan ustamalar bilan tanishishingiz mumkin:
- sinfdagi o‘quvchilar soniga ko‘ra sinf rahbarligi uchun – mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,4 foizidan 52,8 foizigacha;
- daftarlarni va yozma ishlarni tekshirganlik uchun – mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 8,8 foizidan – 17,6 foizigacha;
- informatika kabineti mudirligi uchun – mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 17,6 foizi;
- Toshkent islom universitetini bitirgan pedagog xodimlarga – lavozim maoshining 20 foizi qo‘shimcha maosh beriladi.
Boshqa hududlardan jalb qilingan pedagoglar uchun:
- ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish uchun bir ma’muriy-hududiy birliklar doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan, oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchilarga – bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 50 foiz;
- boshqa ma’muriy-hududiy birlikdan kelib faoliyat yuritayotgan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchilarga – bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 100 foiz;
- olis hududlarda joylashgan maktablarda boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarga – ish stajidan kelib chiqib bazaviy tarif stavkalariga 10 foizidan 50 foizigacha;
- tabiiy-iqlim va maishiy sharoitlari og‘ir va noqulay bo‘lgan joylarda ishlovchi xodimlarga – ish haqi summasining 10 foizidan 60 foizigacha (bunda xodimning lavozim maoshi mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1,4 baravari miqdoridan ortiq bo‘lsa, mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1,4 baravariga nisbatan) to‘lanadi.
Qishloq joylardagi umumta’lim maktablarida jismoniy tarbiya o‘qituvchisi hamda sport ustozi bo‘lib ishlayotgan ayol o‘qituvchilarga – bazaviy tarif stavkasiga nisbatan 15 foiz, shuningdek, joriy yildan boshlab Vazir jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tegishli tanlov jarayonlaridan o‘tgan o‘qituvchilarga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida ustama belgilangan.