Ishini eplay olmagan vazirlar iste’foga chiqadi – Prezident
Jamiyat
−
20 dekabr 2022
4777Bundan buyon qaysi vazir o‘z ishini eplay olmasa, iste’foga chiqadi va tizimda korrupsiyaga yo‘l qo‘yilsa vazirlar ham javob beradi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 20 dekabr kuni Oliy Majlis palatalariga yo‘llayotgan murojaatida aytib o‘tdi.
“Biz korrupsiya haqida ko‘p gapiramiz, lekin tizimida korrupsiyaga yo‘l qo‘yilsa, nima uchun vazir javob bermasligi kerak? Endi so‘rov boshqacha bo‘ladi. Vazir o‘z tizimiga ajratilgan mablag‘larni samarali va maqsadli ishlatish bo‘yicha birinchi bo‘lib, o‘zi javob beradi”, deydi davlat rahbari.
Uning urg‘ulashicha, davlat vakillari, vazirlar o‘zining halol mehnati, oddiyligi, xalqsevarligi, samimiyligi va fidoyiligi bilan odamlarimiz mehrini qozonishi kerak.
“Endi, vazirlarning siyosiy mas’uliyati oshirilib, Hukumat qarorlari loyihalari, mamlakatimiz hayotiga oid muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bevosita vazirlar ishtirokida kollegial hal etiladi”, deydi Prezident.
Shuningdek, har bir viloyatdagi muammolarni yechish uchun, har oyda joyiga chiqqan holda “Hukumat kuni” o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan buyon vazir har yil boshida jamoatchilik oldida sohadagi rejasi va yil yakuni bilan esa uning natijasi bo‘yicha hisobot beradi.
“Ta’kidlab aytmoqchiman – endi, qaysi vazir o‘z ishini eplay olmasa, iste’foga chiqadi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
LiveBarchasi