“Ishimizga burningizni suqmang”. Baku YeIning jurnalistlarni qamash aybloviga javob berdi
Olam
−
22 dekabr 2023
7041Ozarbayjon jurnalistlar va siyosiy faollarning hibsga olinishi munosabati bilan Yevropa Ittifoqining asossiz ayblovlarini keskin rad etadi. Bu haqda bugun, 22 dekabr kuni mamlakat Tashqi ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan bayonotda so‘z borgan.
Qayd etilishicha, vazirlik bunday asossiz va noxolis bayonotlarni Ozarbayjonda sud hokimiyati mustaqilligiga aralashishga urinish sifatida baholaydi. Tergov jarayoniga aralashishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, sud jarayoni ishiga aralashish esa huquqiy davlatning asosiy tamoyili – qonun ustuvorligiga ziddir.
“Biz afsus bilan qayd etamizki, Yevropa Ittifoqining Armanistonda insonlarning asosiy huquq va erkinliklari poymol etilishiga, siyosiy ta’qiblar oqibatida hibsga olingan shaxslarning qamoqxonada o‘lishiga, shuningdek, siyosatchilar va ularning oila a’zolarining ta’qib qilinishiga befarqligi ikki tomonlama standartlarning yaqqol namunasidir”, deyiladi bayonotda.
Baku Ozarbayjonga qarshi bunday asossiz bayonotlar berish o‘rniga, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlardagi inson huquqlari buzilishiga e’tibor qaratishni tavsiya qilgan.
Vazirlik Yevropa Ittifoqi Fransiyadagi “sariq jiletlilar” namoyishining 12 nafar ishtirokchisi o‘ldirilishi, Yevropa Ittifoqi tuzilmalarida poraxo‘rlik va korrupsiyaning tarqalishi, islomofobiya va musulmonlarga qarshi hujumlarni haligacha tekshirmaganini va bunga adekvat munosabat bildirmaganini eslatgan.
“Yuqoridagilar fonida Yevropa Ittifoqining bunday noxolis va adolatsiz bayonotlari Ozarbayjonning ichki ishlariga aralashish sifatida baholanadi. Bu asossiz da’volar Ozarbayjon va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish istiqbollariga putur yetkazadi”, deyiladi TIV bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Yevropa Ittifoqi Ozarbayjonni qamoqqa olinganlarni ozod qilishga hamda mustaqil jurnalistika va so‘z erkinligi uchun to‘siqsiz maydon yaratishga chaqirgandi.
LiveBarchasi