ISHID O‘zbekistonga raketa uchirgani, ammo yetib kelmagani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
20 aprel 2022
87784ISHIDning Xuroson bo‘limi jangchilari Afg‘oniston hududidan O‘zbekistonga raketalar uchirishga uringan, biroq snaryadlar o‘zbek chegarasigacha yetib bormagan. Bu haqda “Farhatnews” axborot agentligi “Tolibon” harakati matbuot kotibi o‘rinbosari Inomulla Samangoniyga asoslanib, xabar berdi.
“ISHID ekstremistik guruhining O‘zbekistonga bergan muvaffaqiyatsiz raketa zarbalari mamlakatga yetib bormadi”, deydi Samangoniy.
“Tolibon” vakilining qo‘shimcha qilishicha, raketalar uchirilgan joy barqarorlashgan va ularga aloqadorlikda gumon qilingan uch kishi bir qancha snaryad bilan qo‘lga olingan. ISHID raketalari O‘zbekiston hududiga tegishli bo‘lmagan vayronalarga tekkan.
“Afg‘oniston Islom Amirligi hech kimga bizning hududimizdan qo‘shni davlatlar xavfsizligiga tahdid qilishga yo‘l qo‘ymaydi”, deya ta’kidlagan Inomulla Samangoniy.
Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘oniston tomonidan O‘zbekistonning ushbu mamlakat bilan chegaradosh Termiz shahridagi mudofaa ob’ektlariga ISHID terroristik guruhi raketa hujumi uyushtirgani haqida ma’lumotlar tarqalgandi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi raisi o‘rinbosari - Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov bayonot berib, ushbu xabarlar yolg‘on ekanini urg‘uladi.
“Ayrim Telegram-kanallar tomonidan Termiz shahri atrofida O‘zbekiston harbiylari Afg‘oniston hududidan raketalar bilan o‘qqa tutilgani to‘g‘risida tarqatilayotgan xabarlar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi va Chegara qo‘shinlari bergan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasida hech qanday harbiy faollik kuzatilmayapti, vaziyat barqaror.
Provokatsiyalarga berilmasligingizni so‘raymiz”, degan Asadov.
Undan keyin O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi ham holat bo‘yicha bayonot bilan chiqib, chegaradagi vaziyat barqaror va nazorat ostidaligini ma’lum qildi. Jumladan vazirlik bayonotida shunday deyiladi:
“Afg‘oniston hududidan O‘zbekistonning Termiz shahridagi harbiy ob’ektlariga raketa hujumi uyushtirilgani haqida tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. O‘zbekiston-Afg‘oniston davlat chegarasi O‘zbekiston harbiylari tomonidan to‘liq nazorat qilinib, barqaror vaziyat ta’minlanmoqda. Fuqarolarimizdan bu kabi yolg‘on xabarlarga ishonmasliklari va rasmiy manbalarga tayanishlarini so‘rab qolamiz”.
Shundan so‘ng, Afg‘onistonning “Tolibon” tomonidan tuzilgan muvaqqat hukumati ham mamlakat hududidn O‘zbekistonning Termiz shahriga raketa hujumi uyushtirilganini rad etdi.
“Afg‘oniston Islom Amirligi Tashqi ishlar vazirligi afg‘on tomonidan O‘zbekistonning Termiz shahriga raketa zarbasi berilgani haqidagi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mish-mishlarni inkor etadi. Afg‘on-o‘zbek chegarasidagi vaziyat odatdagidek, xavotirga o‘rin yo‘q”, deb yozgan Afg‘oniston TIV vakili Abdul Qahor Balxi Twitter’dagi sahifasida.
LiveBarchasi