Ish joyida vafot etgan 33 yoshli prokurorning otasi Bosh prokuraturani sudga berdi
Jamiyat
−
02 noyabr 2021
39945Joriy yilning aprel oyida Bosh prokuraturaning 33 yoshli xodimi Samir Rahmonov vafot etgani haqida xabar berilgan edi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyevning qayd etishicha, marhumning otasi deputatga murojaat qilib, marhum xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda ish joyida vafot etganligi, to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandlari boquvchisiz qolsa-da, uning oilasiga qonunga asosan kafolatlangan nafaqa pullari to‘lab berilmayotganini bildirgan.
“Murojaatga tikilgan tibbiyot xodimlarining 26.04.2021 yildagi 10-sonli dalolatnomasida soat 10:35da tibbiyot bo‘limiga prokuratura xodimlari tomonidan S.Raxmonovning jasadi olib kelingani bildirilgan. Demak marhumning ish vaqtida ish joyida vafot etgani inkor etib bo‘lmas fakt”, deyiladi xabarda.
Deputat Mehnat kodeksining 192 va 194-moddasida xodim mehnat vazifalarini bajarish sababli vafot etsa zararni to‘lashi shartligi, xodimning vafoti munosabati bilan ish beruvchi tomonidan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori, marhumning olti yillik o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lishi mumkinmasligi belgilanganini eslab o‘tgan.
Shuningdek, “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonunning 51-moddasida prokuratura organlari xodimlarining hayoti va sog‘lig‘i davlat himoyasida bo‘ladi hamda respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan davlat tomonidan majburiy tartibda sug‘urtalanishi va sug‘urta organlari prokuratura xodimi ishlayotgan davrida vafot etsa, uning merosxo‘rlariga Mehnat kodeksining 194 moddasi 2-qismida nazarda tutilgan tartibda sug‘urta summasini to‘lashi ko‘rsatib o‘tilgan.
“Biroq Bosh prokuratura tomonidan marhum xodimning oila a’zolariga qonunda belgilangan nafaqa pullari berilmagan. Oxiri marhumning otasi adolat izlab sudga arz qilgan”, deya qayd etgan deputat.
Ma’lum qilinishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudi esa da’vo arizani qanoatlantirishdan rad etgan.
“Sudlarimizning hozirgi ahvolida Bosh prokuraturaga qarshi da’voni qanoatlantirish ehtimoli past bo‘lsa-da, marhumning otasi qonun ijrosi ta’minlanishi umidida qaror ustidan Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati keltiribdi: axir adolat qaror topishi kerak-ku”, deydi deputat.
LiveBarchasi