Ish vaqtida vafot etgan “elektroset” xodimining oilasiga 340 mln so‘m undirib berildi

Jamiyat

image

Toshkent viloyatida ish vaqtida vafot etgan xodim uchun to‘lanmayotgan 340 mln so‘m to‘liq undirib berildi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Bekobod shahar elektr tarmoqlari korxonasi xodimi B.M. 2023 yilning 12 mart kuni elektr uskunalarida ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan.

Korxona uning oila a’zolariga to‘lanishi lozim bo‘lgan 340 million so‘m miqdoridagi zarar pullarini 1 yildan ortiq vaqt davomida to‘lamay kelgan. Davlat mehnat inspeksiyasi aralashuvi bilan ushbu summa marhumning oila a’zolariga korxonadan to‘liq undirib berildi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 6 oyi davomida sodir bo‘lgan 387 ta baxtsiz hodisa oqibatida 416 nafar xodim jabrlangan, 303 nafari og‘ir va 12 nafari yengil tan jarohati olgan, 101 nafari vafot etgan. Baxtsiz hodisalarning eng katta qismi – 26 foizi qurilish sohasiga to‘g‘ri kelgan.

Baxtsiz hodisalar tufayli xodimlar yoki ularning oila a’zolariga 823 million so‘mdan ortiq tovon pullarini undirish yuzasidan sudlarga da’vo arizalar kiritilib, shundan 10 nafar fuqaroga 274 million so‘m undirib berilgan va qolganlari bo‘yicha jarayon davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatida Ombudsman ish vaqtida vafot etgan bank xodimi uchun kompensatsiya undirib bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ elektroset

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing