Xayr, “qovun”larga boy yil! Yangi yil “murakabod” bo‘lsin!

Jamiyat

image

2020 yil kirib kelishiga ham sanoqli soatlar qolyapti. QALAMPIR.UZ jamoasi sizlarni hayotingizda ochiladigan yangi sahifa bilan “murakabod” etadi. 

Yangi yilda dasturxoningizdan to‘kinlik arimasligini, 2,5 mln so‘m oylik bilan besh emas, olti farzandli oilani ham to‘la-to‘kis ta’minlay olishingizni tilaymiz. Yangi o‘n yillik boshida milliy valyuta so‘mning qadri oshib, inflyatsiya Venesueladagi darajaga kelmasligiga, “Sem amaki”ning 1 dollari 10 ming so‘mga chiqmasligiga astoydil ishonamiz.

Asosiysi, 2020 yilda har qancha ko‘p elektr ishlatsangiz ham uyingizdan yorug‘lik arimasin, go‘shtni yakunlanayotgan yildagidek ko‘p-ko‘p iste’mol qiling. Yangi yilda har qanday muammolaringizni “shest sekund”da hal qilib, hayotdan lazzatlanib yashang.

O‘zbekistonning turli burchaklaridan shahri azim Toshkentga kelayotgan vatandoshlarimiz “xavfsizlik uchun” o‘z hududlaridagi profilaktika inspektori ro‘yxatiga turib, keyin poytaxtga kelishingizda mashaqqatlarga uchramang.

“Jinoyatga moyil” bo‘lgan ma’naviy ko‘makka muhtoj, ajrim yoqasiga kelib qolgan, kam ta’minlangan, Toshkent shahrida vaqtincha istiqomat qiluvchi, ro‘yxatsiz yashayotgan, nogiron, ajrashgan, bolasini yolg‘iz katta qilayotgan, boquvchisini yo‘qotgan ayollar, voyaga yetmagan, ishsiz xotin-qizlar yangi yilda turli “spiska”lardan o‘chirilishiga tilakdoshmiz.

O‘zbekistondagi bozorlarda mehnat qilib, oilasini boqayotgan “bozorchi ayollar”ni ma’naviyati va ma’rifatini yuksaltirish istagidagilarga omad tilaymiz. Ular o‘z maqsadlariga erishishlarida kuch-quvvat va shijoatni ayamasliklariga ishonchimiz komil, albatta. Unutmang, tirikchilikning aybi yo‘q, axir aytishadi-ku: “Lyubaya biznes xorosha”.

Jurnalistlar va blogerlar doimo qonun himoyasida bo‘lsin! Jurnalistlarning hammasi shaxsiy mashinasiga ega bo‘lib, taksilarga ishi tushmasin. Hokimlar ularni emas, gaz-svet muammolarining "janozasini o‘qisin".

Yana bir bor Yangi yil bilan qutlaymiz. Oilangizdan tinchlik va totuvlik arimasin. Osmonimiz musaffo bo‘lsin.


Maqola muallifi

Teglar

Yangi yil

Baholaganlar

198

Reyting

4.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing