ISHIDning “glavniy buxgalter”i qo‘lga tushdi

Olam

image

Iroq razvedkasi ISHIDning “bosh hisobchisi” Sami Josim al-Jaburiyning qo‘lga olinganini e’lon qildi. O‘tmishda u ISHID iyerarxiyasidagi ikkinchi raqamli shaxs bo‘lgan.

Hoji Hamid nomi bilan ham mashhur bo‘lgan va guruhning moliyaviy ishlari bilan shug‘ullangan Jasim qo‘lga olinganini mamlakat Bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy ma’lum qildi. AQSH Hoji Hamid uchun 5 mln dollar mukofot va’da qilgan.

Bosh vazirga ko‘ra, Jasim Iroq razvedkasi tomonidan o‘tkazilgan murakkab xalqaro operatsiya vaqtida hibsga olingan. U operatsiya qaysi mamlakatda o‘tkazilganiga aniqlik kiritmagan.

Federal tergov byurosiga ko‘ra, Jasim byudjetni ISHID a’zolari amalga oshirgan teraktlar uchun taqsimlashdan tashqari, neft, gaz, qazilma boyliklar va asori-atiqalar savdosi bilan ham shug‘ullangan.

Hoji Hamid ISHID uchun ajralmas mutaxassis. Shuning uchun uning qo‘lga olinishi juda ahamiyatli. Jasimning o‘rniga yaqin orada boshqasi kelishi aniq.

BBC’ning mudofaa masalalari bo‘yicha jurnalisti Frenk Gardnerning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda eng muhimi, unda guruh , jumladan yaqin vaqtlar ichida rejalashtirilgan hujumlar haqida ko‘plab muhim ma’lumotlar borligidir.

Iroq maxsus kuchlari Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, qo‘lga olingan "buxgalter" Abu Bakr al-Bag‘dodiy o‘rniga tashkilotga rahbarlik qilayotgan Amir Muhammad Said Abdul Rahmon al-Mavliyning yaqin kishilaridan hisoblangan.

2019 yilning oktyabr oyi oxirida AQSH harbiylari Suriyaning Idlib viloyatida al-Bag‘dodiy yashiringan dala hovlida reyd uyushtirgan. Uning qo‘riqchilari yo‘q qilingan, Bag‘dodiy esa o‘zini otib tashlagan.

“France Press” agentligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Iroq razvedkasi Jasimni Turkiyada qo‘lga olgan. Turkiya rasmiylari Bag‘dod bayonotiga izoh bermadi.

Joriy yil sentyabr oyi o‘rtalarida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ISHID rahbariyatining yuqori martabali vakillaridan biri Adnan Abu Valid as-Sahravi fransuz harbiylari tomonidan o‘ldirilganini ma’lum qildi.

As-Sahravi o‘z guruhini 2015 yilda tashkil etgan. Bu guruh rahbariyatida undan tashqari ISHIDning asosiy rahnamolari – Abu Bakr al-Bag‘dodiy va Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiy ham bo‘lgan.

ISHID qaysidir pallada Iroq sharqidan Suriya g‘arbigacha bo‘lgan hududlarda 88 ming kvadrat kilometr maydonni egallagan. Terrorchilar hukmronligi ostidagi aholi soni sakkiz million kishi atrofida bo‘lgan.

2017 va 2018 yillarda ISHID jang maydonida birinchi bo‘lib Iroqda, keyin Suriyada mag‘lubiyatga uchradi. Biroq, guruh Afg‘oniston shimolidagi Qunduz shahrida shia masjidini portlatish kabi hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishda davom etmoqda. Portlash kamida 50 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Bu Amerika qo‘shinlari mamlakatdan chiqarilgandan keyingi eng yirik hujum.

BMTning so‘nggi hisobotiga ko‘ra, ISHIDning asosiy kuchlari Iroq va Suriyada Amir al-Maula boshchiligida to‘plangan. Tashkilotga ko‘ra, ISHIDning yangi hujumlari Afrika, Afg‘oniston va Janubi-Sharqiy Osiyoda ham sodir bo‘lishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh IShID Iroq razvedkasi Hoji Hamid

Baholaganlar

469

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing