Irlandiya Ukrainaga maxsus kuchlarini yubormoqchi
Olam
−
06 mart
3104Irlandiya hukumati qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritishni ma’qulladi, bu esa maxsus tayyorgarlikka ega harbiy bo‘linmalarni (Army Ranger Wing, ARW ) Ukrainaga yuborishga imkon beradi. Bu haqda “The Irish Times” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, ushbu armiya qo‘riqchilari Irlandiya elchixonasi va diplomatlarining xavfsizligini ta’minlash bilan shug‘ullanadi. Elchixona 2022 yil avgust oyida – Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganidan yetti oy o‘tib qayta ochilgan. Bundan tashqari, ular BMT ruxsatisiz tinchlikparvar missiyalarda ham ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.
Hozirgacha Irlandiyada “uch karra to‘siq” tizimi amal qilib kelgan. Unga ko‘ra, chet elga 12 nafardan ortiq harbiy yuborish uchun hukumat, parlament va BMT Xavfsizlik Kengashining ruxsati talab etilardi. Biroq mamlakat Bosh vaziri o‘rinbosari va Mudofaa vaziri Saymon Xarris bu prinsip hozirgi sharoitda dolzarbligini yo‘qotganini ta’kidlagan. U Rossiyaning BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy besh a’zosidan biri ekanini eslatib, veto qo‘yish imkoniyatiga egaligini qayd etgan.
“Biz Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yoki boshqa yetakchilarning harbiylarimiz joylashuvi bo‘yicha veto huquqiga ega bo‘lishini istamaymiz”, deydi Xarris.
Kiritilgan o‘zgartirishlar Irlandiya hukumatiga BMT roziligisiz o‘z qo‘shinlarini xorijga yuborish imkoniyatini beradi. Shuningdek, agar safarbar etilayotgan kontingent 12-50 nafar harbiyni tashkil etsa, bunday qaror parlament tasdig‘isiz ham qabul qilinishi mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya va Avstraliya ham o‘z qo‘shinlarini Ukrainaga yuborib, ehtimoliy erishiladigan tinchlik kelishuvlari bajarilishini kafolatlashga tayyor ekanini xabar qilgan edi. Unga ko‘ra, Turkiya NATO tarkibida AQSHdan keyin eng yirik qurolli kuchlarga ega bo‘lib, uning yordami, ayniqsa, sovuq urush tugaganidan keyin armiyalari sezilarli darajada qisqargan Yevropa mamlakatlari uchun juda foydali bo‘lishi mumkin.
Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albanezening so‘zlariga ko‘ra, mamlakat hukumati avvalgi pozitsiyasini o‘zgartirib, endilikda ko‘p millatli tinchlikparvar kuchlar tarkibida Ukrainaga qo‘shin yuborish bo‘yicha har qanday taklifni ko‘rib chiqishga tayyor bo‘lgan.
LiveBarchasi