Iordaniyaning sobiq valiahd shahzodasi uy qamog‘iga olindi

Olam 4367
image

Iordaniyaning sobiq valiahd shahzodasi Hamza bin Husayn uy qamog‘iga olinganini tasdiqladi. Uning BBC’ga qilgan videomurojaatini taxt merosxo‘rining advokati e’lon qilgan.

“Mening oldimga Iordaniya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i tashrif buyurdi, u menga chiqish, odamlar bilan muloqot qilish yoki ular bilan uchrashishga ruxsat berilmaganini aytdi, chunki men ishtirok etgan uchrashuvlar yoki ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilgan tadbirlardan so‘ng tanqidlar sezilib qoldi”, deydi Hamza bin Husayn.

Sobiq valiahd shahzodaning so‘zlariga ko‘ra, u uy qamog‘ida, internet va telefoni o‘chirilgan. Shu bilan birga, Hamza bin Husaynning shaxsan o‘zi hukumat amaldorlari haqida so‘zlar aytishda ayblanmaganini qo‘shimcha qildi.

Shuningdek, u hech qanday “chet el fitnasi”ga aloqador emasligini aytib, rasmiylarning ishini tanqid qildi. 

“So‘nggi 15-20 yil ichida bizning hukumat tuzilmamizda hukmronlik qilgan va har yili yomonlashib ketgan boshqaruvning muvaffaqiyatsizligi, korrupsiya va qobiliyatsizlik uchun men javobgar emasman”, deydi Hamza bin Husayn.

Avvalroq qirol oilasi a’zosi Sherif Hasan bin Zayd, qirol Abdulla II ning sobiq maslahatchisi, sobiq moliya vaziri Bassem Avadallu va boshqa bir necha kishi Iordaniyada hibsga olingani haqida xabar berilgan edi. Yozilishicha, ular qirolni ag‘darish uchun fitnada gumon qilingan.

Umidjon Nozimjonov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 101
Reyting: 3
t
×