Interpol qidiruvidagi firibgarlar Dubaydan O‘zbekistonga olib kelindi
3-sahifa
−
21 iyun 5930 1 daqiqa
O‘ta yirik miqdordagi firibgarlikda ayblanayotgan va xalqaro qidiruvda bo‘lgan bir necha shaxs Birlashgan Arab Amirliklaridan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Interpolning Toshkent va Abu-Dabi shaharlaridagi Milliy markaziy byurolari hamda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Dubaydagi Bosh konsulxonasi huzuridagi vakilining hamkorligi natijasida qidiruvdagi shaxslarni mamlakatga qaytarishga erishilgan.
Qayd etilishicha, mazkur fuqarolar O‘zbekiston vakolatli organlari tomonidan o‘ta yirik miqdordagi firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda gumon qilinib, xalqaro qidiruvga berilgan edi.
Xorijiy hamkorlar va O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlarining muvofiqlashtirilgan harakatlari tufayli qidiruvdagi shaxslar Interpol xodimlariga topshirilib, O‘zbekistonga olib kelingan.
Hozirda ushlangan shaxslar zarur protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun tergov organlariga topshirilgan. Tergov yakunlariga ko‘ra, ularning harakatlariga huquqiy baho berilishi va sud tomonidan tegishli qaror qabul qilinishi kutilmoqda.
Interpol Milliy markaziy byurosi chet ellarda yashirinib yurgan jinoyat gumondorlarini aniqlash va ularni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilayotganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda firibgarlik sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan fuqaro Gruziyada qo‘lga olingan edi.
Live
Barchasi