Internetda rasmlari tarqalgan hashamatli uy kimga tegishli?
Jamiyat
−
24 iyul 2021
59684Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida go‘yo Yo‘l harakati xavfsizligi (YHX) inspeksiyasi boshlig‘iga tegishli uy tintuv qilinganda tilla suvi yugurtirilgan jihozlar topilgani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq o‘sha xabarlarda bu uy aynan kimga tegishli ekani ko‘rsatilmagan, ya’ni qaysi davlat YHX inspeksiyasi, qaysi boshliq haqida gap ketayotgani kabi savollar ochiq qolgan. Bu esa ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida bu qasr O‘zbekistonda ekani haqida fikrlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.
QALAMPIR.UZ yanglish fikrlar tarqalishining oldini olish uchun bu qasr qayerda joylashgani va kimga tegishli ekaniga aniqlik kiritdi. Avvalo shuni aytish kerakki, bu hashamdor uyning O‘zbekistonga umuman aloqasi yo‘q. Qizig‘i shundaki, ushbu uy, to‘g‘rirog‘i uy emas, balki saroy Rossiya Federatsiyasi Stavropol o‘lkasining YHX inspeksiyasi boshlig‘i Aleksey Safonovga tegishli.
Qayd etish kerakki, Rossiya Tergov qo‘mitasi ushbu uy rasmlarini joriy yilning 20 iyul kuni OAVga taqdim qilgan. YHX inspeksiyasi boshlig‘i Aleksey Safonovning o‘zi esa Rossiya Jinoyat kodeksining 290-moddasi 6-qismi (pora olish va berish) bilan ayblanmoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Safonov boshchiligidagi jinoiy guruh bir necha yil davomida Stavropol o‘lkasida g‘alla ekinlari va inert materiallar tashuvchilar uchun pul evaziga ruxsatnomalar bergan, bu esa ma’muriy qonunchilikni buzgan holda yuk tashishni hech qanday to‘siqsiz amalga oshirishga imkon bergan. Shunday qilib, guruh a’zolari 19 million rubldan ortiq miqdordagi pora olishda ayblanmoqda. Safonovga esa 15 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi xavf solmoqda.
LiveBarchasi