O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar 6 nafarga yetdi
Jamiyat
−
16 mart 2020
28487Avvalroq, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi aniqlangan bemorlar soni 4 nafarga yetgani haqida xabar bergan edik.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar 6 nafarga yetdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
Ma’lumki, shu yilning 15 mart kuni Respublika Virusologiya instituti laboratoriyasida Fransiyada bo‘lib qaytgan bir nafar O‘zbekiston fuqarosida COVID-19 koronavirus infeksiyasi aniqlanganini xabar qilgan edik. Tahlil natijalari bemorning o‘g‘li va qizida koronavirus infeksiyasi borligini ko‘rsatgan edi. Ayni paytda ushbu fuqaroning turmush o‘rtog‘i va nabirasida ham koronavirus infeksiyasi qayd etilgan.
Shuningdek, shu yilning 15 mart kuni soat 05:15 da “O‘zbekiston havo yo‘llari” avia kompaniyasiga qarashli Istanbul–Toshkent yo‘nalishidagi 274- reys bilan kelgan O‘zbekiston fuqarosida ham ushbu infeksiya aniqlangan. Bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlarning ro‘yxati olinib, ularning salomatligi ustidan ham tibbiy nazorat o‘rnatildi.
Hozirda shifokorlar va mutaxassislar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davolash va epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 mart kuni soat 06:00 da O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etildi. Ushbu virusni yuqtirib olgan fuqaro joriy yilning 11 mart kuni Fransiyaning Parij shahridan qaytgan. Virus bilan og‘rigan o‘zbekistonlik ayol oliy toifali shifokor bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, dunyo bo‘yicha 169 605 kishi koronavirusga chalingan, ularning 6518 nafari vafot etgan, 77 772 nafari kasallikdan forig‘ bo‘lgan.
Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.
LiveBarchasi