“International Job Organization” XBA mansabdorlari ustidan sud ishi Farg‘onada davom etadi
Jamiyat
−
07 yanvar 2021
3178Avvalroq, “International Job Organization” XBA mutasaddilariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani va sud ishi boshlangani haqida xabar bergan edik. Odamlarni 18,4 mlrd so‘mga chuv tushirgan xususiy bandlik agentligi mutasaddilari ustidan sud jarayoni Farg‘onada davom ettiriladi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi.
“Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi ish yurituvidagi “International Job Organization” xususiy bandlik agentligi" MCHJ mansabdor shaxslari Sh.Abdurahmonov va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi hududlarda davom ettiriladi.
Ushbu jinoyat ishining mazmunan ko‘rilishi joriy yil 8 yanvar kuni soat 11.00 da jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi binosida bo‘lib o‘tadi”, deyiladi Oliy sud xabarida.
Farg‘ona viloyatida istiqomat qiluvchi ushbu jinoyat ishi doirasida jabrlanuvchi va guvoh deb e’tirof etilgan fuqarolarni belgilangan vaqtda yuqorida ko‘rsatilgan sud binosiga kelishlari so‘ralmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, “International Job organization xususiy bankdlik agentligi” MCHJ mansabdor shaxslari 2019-2020 yillar davomida 2620 nafar fuqarolarni Germaniya, Polsha, Daniya va Shveysariya davlatlariga ishga yuborishni va’da qilib, har biridan 45,0 mln so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlarni qabul qilib, jami 18,4 mlrd so‘m pul mablag‘larni o‘zlashtirgan.
Tergov davomida mazkur MCHJ rahbari Sh.Abduraxmanov hamda uning 8 nafar jinoiy sheriklariga nisbatan JKning 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari va boshqa moddalari bilan ayb e’lon qilingan va ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.
Sud muhokamasiga yuborilgan jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan umumiy zararning 6 783 190 922 so‘mi undirilishi ta’minlangan bo‘lib, shundan 722 768 500 so‘m naqd pul mablag‘lari, 6 060 422 422 so‘mi esa xatlangan mol-mulklardir.
Mazkur jinoyat ishi hozirda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudiga mazmunan ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.
Shuningdek, “International Job organization xususiy bandlik agentligi” MCHJ mansabdor shaxslari tomonidan bir qator xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar orqali pul mablag‘larini o‘zlashtirganlik holatiga oid qismi hozirda alohida ish yurituvga ajratilgan bo‘lib, mazkur jinoyat ishi doirasida 10 507 396 044 so‘mlik zarar qismi qoplanishi ta’minlangan, shundan 411 000 000 so‘m naqd pul va 10 096 396 044 so‘mi xatlangan mol-mulklarni tashkil qiladi. Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha ham qisqa muddatlarda tergovni tamomlash va sudga yuborish choralari ko‘riladi.
Xulosa o‘rnida, sudda ko‘rilayotgan va dastlabki tergov davom etayotgan jinoyat ishlari bo‘yicha yetkazilgan 18,4 mlrd. so‘m zararning 17,3 mlrd. so‘mi naqd pul va mol-mulk ko‘rinishida qoplanishiga erishilgan.
LiveBarchasi