Insoniyatga tahdid: Yer sayyorasiga 4 yirik muammo xavf solmoqda (2-qism yoxud yechimlar)
Tahlil
−
21 fevral 2021
21642Avvalroq, QALAMPIR.UZ’da “Insoniyatga tahdid: Yer sayyorasiga 4 yirik muammo xavf solmoqda” nomli maqola e’lon qilingandi. Unda so‘nggi ikki asrda dunyo aholisi 1 milliarddan 7 milliard nafarga ko‘paygani va bu o‘z navbatida, insoniyatning kelajagiga xavf solishi mumkinligi to‘g‘risida so‘z borgan. Ushbu maqolaning ikkinchi qismida insoniyatga xavf solayotgan muammolar va ularning yechimlari to‘g‘risida batafsil so‘z boradi.
So‘nggi asrlarda qishloq ho‘jaligi, tibbiyot va texnologiyaning rivojlanishi dunyo aholisining tez suratlarda ko‘payishiga olib keldi. Lekin bu o‘z navbatida, Yer sayyorasiga og‘irlik qilmoqda. Chunki inson o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun tabiatning cheklangan resurslarini shiddat bilan sarflamoqda. Oqibatda suv zaxiralari 19 yildan so‘ng butunlay tugashi mumkin. Energiya manbai hisoblangan ko‘mir, neft va gaz kabi qazilma boyliklarning yana 50 yilga yetadigan zaxirasi qoldi. Tabiiy resurslar tugab borayotgan bir paytda ko‘payib borayotgan dunyo aholisi o‘z ehtiyojlarini qanday qondiradi? Ushbu masalaga qanday yechim bor? Kapitallashgan olamda rifojlangan davlatlar aholisidan kamroq go‘sht yeyish yoki avtomobil haydamaslikni, kamroq dunyo bo‘ylab sayohat qilib, samolyotda parvoz qilmaslikni so‘rashdan foyda yo‘q. Aholisi juda tez o‘sayotgan davlatlardan esa tug‘ilishni cheklashni so‘rash ham insoniylikdan uzoqda. Qanday yo‘l tutish kerak?
Demografiya
Yuqorida ta’kidlanganidek, 1800 yilda 1 milliard bo‘lgan dunyo aholisi 2021 yilga kelib 8 milliardga yaqinlashdi. Aholisini boqish, birlamchi ehtiyoj manbalari bilan ta’minlash allaqachon, ko‘plab davlatlarning muammosiga aylanib ulgurgan. Tarix guvohki, demografik muammoga yechim topish maqsadida tug‘ilishni cheklashga urinishlar ham bo‘lgan. Aholi sonini sun’iy boshqarish juda nozik masala. Bu xuddi inson ozodligini cheklash bilan teng va u qarshi reaksiya berishi ham mumkin.
Xususan, sal kam 1,5 milliard aholisi bilan eng ko‘p odam yashaydigan davlatlar orasida birinchi o‘rinda turgan Xitoyda 1979–2015 yillar oralig‘ida “Bir oilaga bir farzand” nomli demografik siyosat yuritilgan. Xitoy xukumatining bunday qarorga kelishi mamlakatning ko‘p sonli aholisi tugab borayotgan suv, energiya va yer resurslariga ortiqcha yuk bo‘lishi bilan bog‘liq edi. Qaysidir ma’noda bunday yondashuv ish berdi. Avval bir oilaga o‘rtacha 6 nafar farzand to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2000 yilga kelib, bu ko‘rsatkich 1,6 nafarni tashkil etdi. Natijada, 400 milliondan ortiq xitoylik tug‘ilishining “oldi olindi”. Bu esa butun boshli AQSH aholisidan ham ko‘p.
Lekin, bu siyosat 2015 yilda to‘xtatildi. Chunki masalaning boshqa tomoni ham bor edi. “Bir oilaga bir farzand” dasturi jiddiy, ijtimoiy muammolarni keltirib chiqardi. Gap shundaki, ushbu siyosat amalda bo‘lgan davrda xitoyliklar ko‘proq o‘g‘il farzand ko‘rishni istadi, qiz farzandni esa “abort” qildirishga moyil bo‘ldi. Bunga o‘g‘ilning oilada qolishi va ota-onasini boqishi sabab bo‘lgan. Oqibatda esa erkak va ayol soni o‘rtasida notenglik kelib chiqdi. Bu esa o‘z navbatida 30 foiz erkaklarning o‘zi istamagan holda bo‘ydoq bo‘lib yurishigacha yetib bordi. Undan tashqari, tug‘ulishning kamligi hisobiga Xitoy aholisining tez suratlarda qariyotgani haqidagi xavotirlar “Bir oilaga bir farzand” siyosatini to‘xtatishga sabab bo‘ldi.
Shunga o‘xshash tajriba Hindistonda ham o‘tkazilgan. O‘tgan asrning 70 yillarida unchalik katta bo‘lmagan pul evaziga hind erkaklariga “sterilizatsiya” operatsiyasi taklif etilgan. Bu esa boshqa farzand ko‘ra olmaslik, degani edi. O‘sha yillarda kuniga 80 minglab shunday operatsiyalar o‘tkazilgan. Puxta o‘ylanmagan reja foyda bermagan, chunki bunday operatsiyaga allaqachon, bir necha farzandi borlar rozi bo‘lgan va pulni olib ketavergan. Keyin esa “sterilizatsiya” qonun va jamoat tartibini buzganlarga jazo tariqasida qo‘llana boshlangan. Birgina 1976 yilda Hindistonda 6,2 million erkak “sterilizatsiya” qilingan. Bu jarayonning majburiy va agressiv olib borilishi aholi noroziligiga sabab bo‘lgan. Oxir-oqibat 1977 yilga kelib Hukumat hokimiyatdan ayrilgan.
Ko‘rinib turibdiki, tug‘ilishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazorat qilib bo‘lmaydi. Bu masalaning insoniy yechimi bor va bu ta’limdir. Jahon banki va Halqaro ayollar tadqiqot markazi Afrikaning 15 dan ortiq davlatlarida olib borgan izlanishlari natijasida, erta turmushga chiqish va serfarzand bo‘lish bilan qizlarning ta’limi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlagan. Unga ko‘ra, yaxshi ta’lim olgan qizlar keyinroq turmushga chiqadi va kichikroq oilani afzal biladi.
Bundan tashqari, ushbu mavzu doirasida boshqa ijobiy prognozlar ham mavjud. Vashington universiteti tadqiqotlariga ko‘ra, 2055 yilda dunyo aholisining soni eng yuqori cho‘qqisiga chiqadi va 10 milliard atrofida bo‘ladi. Shundan so‘ng, ushbu ko‘rsatkich ortga qaytishni boshlaydi va 2100 yilga kelib Yer yuzida 8 milliarddan ortiqroq odam yashayotgan bo‘ladi. Qizig‘i shundaki, eng ko‘p aholiga ega bo‘lgan Xitoyda 2020 yildayoq tug‘ulish 30 foizga kamayib ulgurdi. Ko‘rinib turibdiki, tug‘ulish darajasi allaqachon, teskari ko‘rinish olib bo‘lgan.
Dengiz suvini ichimlik suviga aylantirish
Yer sayyorasining 75 foizi okean suvlaridan iborat. Lekin odam sho‘r suvni icha olmaydi. Biroq sho‘r suvni ichimlik suviga aylantirish mumkin. Ha, shunday texnologiya mavjud va u allaqachon, boy davlatlarning haloskoriga aylangan. Xusasan, Saudiya Arbistoni ichimlik suvining 50 foizini ushbu texnologiya asosida olyapti. Shuningdek, AQSH, Xitoy, Ispaniya, O‘rta Sharq va Shimoliy Afrika davlatlari ham okean suvini ichimlik suviga aylantirish texnologiyasidan foydalanmoqda.
Aleksandr Zarchin ismli kimyogar ixtirochi o‘tgan asrdayoq okean suvini ichimlik suviga aylantirish texnologiyasini nazariy asoslab ketgan. Birinchi bor ushbu texnologiya 2006 yilda Avstraliyada qo‘llanilgan.
Oziq-ovqat masalasi
O‘tgan asrlarda dunyo aholisi 2-3 barobar kamroq bo‘lgan davrlarga qaraganda insoniyat hozir yaxshiroq yashamoqda. Bugungi kunda ochlikdan emas, balki ortiqcha vazndan ko‘proq odam vafot etyapti. Aholi soni ko‘paygani sari har bir insonga tabiat ne’matlaridan kamroq tegishi kerak edi. Lekin buning aksi yuz bermoqda.
Kelajakda oziq-ovqat yetishmasligi va ochlik xavfi to‘g‘risidagi xavotirlar avval ham insoniyatni o‘ylantirgan. Bu haqda XVIII asrda butun boshli “Maltuzianstvo” nomli nazariya ham paydo bo‘lgan. O‘sha davrda bir qancha yevropalik olimlar dunyo aholisining o‘sish chegarasi 4 milliard, deb bashorat qilgan, lekin ko‘rib turganimizdek bu ko‘rsatkichni insoniyat allaqachon, zabt etib ulgurdi. Keyinchalik 6 milliardlik nishon ham shunday xavotirlar bilan kutib olindi. Biroq bu qarashlar noo‘rin bo‘lib chiqdi.
Nega bu xavotirlar o‘zini oqlamadi? Gap shundaki, yuqoridagi bashoratlar kelajakda qanday texnologik kashfiyotlar bo‘lishi mumkinligini oldindan bilmagan, hisobga ololmagan. Jumladan, XVIII va XIX asrlarda yuz bergan sanoat inqilobi qishloq ho‘jaligiga ham ta’sir etmay qolmadi. O‘sha davrdagi bug‘ mashinasi, muzlatgich kabi ixtirolar o‘z so‘zini aytdi. Keyinchalik oziq-ovqatni yetishtirish, saqlash, qadoqlash va yetkazishdagi kashfiyotlar hamda ushbu jarayonlarda qo‘l mehnatidan voz kechilishi, uning o‘rnini mashinalar egallashi nafaqat oziq-ovqatning narxini tushirdi, balki kamroq resurs talab qiladigan bo‘ldi.
Eng muhimi bugungi kunda ham oziq-ovqat sanoatida kashfiyotlar qilinishi davom etmoqda. Masalan, dala ekin maydonlarini nazorat qilishda dronlardan foydalanishni olaylik: ularning yordamida nafaqat ekinlarning o‘sishini kuzatish, suv taqsimotini boshqarish, balki tuproq tarkibi, hosilning holatini ham tahlil qilish mumkin.
“3D print” esa dizayn, qurilish kabi sohalardan tashqari oziq-ovqat sanoatida ham ommani lol qoldirmoqda. Ushbu qurilma orqali yaratilgan oziq-ovqat o‘zining uzoq vaqt yaxshi holda saqlanishi va har qaysi tabga moslasha olishi bilan ajralib turibdi.
Endilikda inson dala mahsulotlarini faqat ekin maydonlarida emas, balki shaharlarning qoq markazidagi binolarda ham yetishtirmoqda va bu vertikal dehqonchilik deb ataladi. Bunday fermer ho‘jaliklarida yiliga 26 martagacha hosil olish mumkin. Olingan muhsulotni shahar do‘konlariga yetkazish ham dalalardan olib kelishga qaraganda osonroq kechadi. Eng asosiysi suv, yer hamda insonning vaqti va mehnati kamroq talab etiladi. Aqlli sensonlar orqali suvning har bir tomchisi hisobga olinadi. Tuproq tarkibida esa turli xil parazitlar bo‘lmaydi. Natijada, kamroq resurs sarflanib ko‘proq, tezroq va sifatliroq hosil olinadi. Bunday texnologiyalar allaqachon, trendga kirib bo‘lgan. Insoniyat esa kelajakdan bundanda yaxshisiga umid qilishi mumkin.
Yashil energiya
Yashil energiya – qayta tiklanuvchi yoki cheksiz bo‘lgan resurslardan, aniqrog‘i quyosh nuri, shamol, dengiz va okeandagi to‘lqinlar hamda chaqmoqdan olinadigan energiya. Yashil energiyaning yana bir foydali jihati shundaki, u ekologik toza hisoblanadi, ya’ni neft, gaz yoki ko‘mirga o‘xshab tabiatga va butun insoniyatga zarar yetkazmaydi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda butun dunyo iste’mol qilgan energiyaning 28 foizi aynan yashil energiya hisobiga to‘g‘ri keladi. Ko‘rinib turibdiki, ushbu sohada yana bir qancha qadam oldinga tashlansa bas, inson o‘zini ko‘mir va neft yoqib zaharlashiga ehtiyoj qolmaydi.
Yashil energiya o‘rnida muqobil variant – AES. Atom elektr stansiyasi neft, gaz va ko‘mirga qaraganda ancha ekologik toza hisoblanadi. Dunyo bo‘ylab 50 dan ortiq davlatlarda 440 ga yaqin AES bor va ular dunyo elektr energiya ta’minotining 10 fozini qoplab beradi.
AES ekologik toza va arzon bo‘lgani bilan juda xavfli hamdir. Chernobil Atom elektrostansiyasi avariyasining oqibatlari Ukrainani haligacha tark etmagan. Yaponiya ham Fukusima AESdagi avariya bilan ana shunday “tajriba”ga ega. Biroq bu holatlar AESdan umuman foydalanmaslik kerak, degani emas.
Ekolog Maykl Shellenbergerga ko‘ra, atom elektrostansiyasi avariyasiga qaraganda yadro energetikasidan qo‘rqish tabiatga ko‘proq zarar keltirmoqda.
Xulosa o‘rnida shuni qayd etish kerakki, insonni nasl qoldirishdan, bu dunyo noz-u ne’matlarini iste’mol qilishdan cheklab bo‘lmaydi. Ko‘p sonli dunyo aholisining ortib borayotgan ehtiyojlarini faqat va faqat ilm-fan taraqqiyotiga erishib, yangidan-yangi texnologiyalarni kashf etib qondirish mumkin.
LiveBarchasi