Insoniyatga tahdid: Yer sayyorasiga 4 yirik muammo xavf solmoqda

Tahlil

image

10 ming yil oldin Yer sayyorasida atigi 5 million aholi yashagan, ming yillar davomida dunyo aholisi juda sekin o‘sib keldi va shu tarzda XIX asrga qadar davom etdi. Biroq tibbiyot, texnologiya va qishloq ho‘jaligidagi rivojlanish natijasida 1800 yilga kelib dunyo aholisining soni 1 milliardga yetdi. Shundan so‘ng, yuz bergan ikki Jahon urushi va “Ispan” grippi pandemiyasi davridagi yo‘qotishlarga qaramay, 1960 yilda “yerliklar” soni 3 milliarddan oshdi. Ko‘rinib turibdiki, ushbu raqamlar faqat yuqoriga qarab o‘smoqda. 

Oradan bor-yo‘g‘i yana 60 yil o‘tib, aholi soni 2,5 baravar ko‘paydi. Ayni vaqtda yer yuzida 7 milliard 840 million inson yashamoqda va ushbu ko‘rsatkich shiddat bilan o‘sishda davom etyapti. BMTning bashoratiga ko‘ra, 2055 yilga kelib Yer aholisi 10 milliardga yetadi. Aholi sonining tez sur’atlar bilan o‘sishi kelajakda insoniyatning o‘ziga xavf soladimi? Axir, Yer sayyorasidagi tabiiy resurslar cheklangan va tobora tugab bormoqda. Bu masalada qanday yechim bor? Ushbu savollar yuzasidan quyidagi maqolada so‘z yuritamiz.

Yer yana qancha vaqt insoniyatga chidab bera olishi mumkinligi haqida so‘z ochishdan avval, inson omili tufayli sayyora qanday holatga yetib kelgani va unda qancha resurs qolgani haqida fikr yuritib ko‘raylik.

O‘rmonlarning yo‘q qilinishi

O‘rmonlar kerakmi o‘zi? Nima, ularsiz odam yashay olmaydimi? Gap shundaki, o‘rmonlar nafas olishimiz uchun kislorod ishlab chiqarishdan tashqari, suvning yerga singib, yo‘q bo‘lib ketishi hamda tuproqning eroziyaga uchrashidan himoya qiladi. Shu bilan birgalikda, o‘rmonlar qanchadan-qancha o‘simlik va hayvonot olami uchun boshpana bo‘lib xizmat qiladi.

“National Geographic” va Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 1950 yillardan beri daraxtlarning keng miqyosda kesilishi natijasida shu vaqtgacha dunyo o‘rmonlarining 46 foizi yo‘q qilingan. “The Guardian” nashrining NASA ma’lumotlariga tayanib yozishicha, biror bir chora ko‘rilmasa, shu ketishda 2100 yilga kelib, dunyoda umuman o‘rmon qolmaydi. U vaqtgacha esa ko‘plab davlatlarda insonlarning nafas olish a’zolari bilan bog‘liq kasalliklar avj olib, dunyoda turli xil epidemiya va pandemiyalar hukm surayotgan bo‘lishi mumkin.

Suv taqchilligi

Suv yana qancha vaqtga yetadi? Inson tirikligi uchun keyingi eng muhim narsa – suv. Yer sayyorasining 70 foizdan oshig‘i suv bilan qoplangan bo‘lsada, uning 2,5 foizi iste’mol uchun yaroqli. Shundan atiga 0,3 foizi daryo va dengizlar, aniqrog‘i yer sathida joylashgan va inson undan emin-erkin foydalanib kelmoqda. Qolgan asosiy qismi esa yer ostidan va Antartika muzliklari tarkibidan o‘rin olgan. 

Uzoq xayoliy kelajak haqida so‘z ochmaylik. Chunki suv tanqisligi allaqachon, global ko‘rinish olib bo‘lgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, bugun dunyo bo‘yicha 785 million odam suvsizlikdan azob chekmoqda. Nafaqat Afrikaning qoloq davlatlari, balki rivojlangan mamlakatlarning ulkan megapolislarida ham suv muammosi o‘tkirlashib bormoqda. Xususan, Pekin, Mexiko shahri, Tokio va Jakarta kabi yirik shaharlarning har birida 10 milliondan 20 milliongacha aholi har kuni suv taqchilligi bilan yashashga majbur bo‘lsa, Braziliyaning San-Paulusida har bir uy yer ostidan suv tortish uchun maxsus “skvajina” qurishi kerak. Afrika davlatlarida esa suv uchun turli guruhlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar odatiy holdir.

Suv taqchilligiga olib kelayotgan omillardan biri bu – uning haddan tashqari ko‘p ishlatilishi. Tahlillarga ko‘ra, suv eng ko‘p sarflanadigan soha – qishloq ho‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va irrigatsiya (sug‘orish –tahr.). “The Guardian”ning ma’lumotlariga ko‘ra, 1 dona tuxum olish uchun 196 litr, 1 litr sut uchun esa 628 litr suv, 1 kilogramm kartoshka yetishtirish uchun 287 litr suv sarflanadi. Bir tasavvur qiling, 1 dona non, 2 dona tuxum, 200 gramm qovurilgan kartoshka va 1 stakan sutdan iborat nonushta uchun taxminan 1000 litrga yaqin suv ishlatiladi. Qo‘rqinli raqamlar-a, shunday emasmi?

Dunyoda 2021 yil boshidan beri 600 million litr suv sarflangan. Daniyaning Artur universiteti tadqiqotlariga ko‘ra, insoniyat suvdan shu tarzda foydalanishda davom etsa, 2040 yilga borib butun sayyora o‘tkir suv tanqisligidan azob cheka boshlaydi. Allaqachon, geografiya faniga Markaziy Osiyoda Orol fojiasi, Shimoli-sharqiy Afrikada Nil “o‘limi” kabi tushunchalar kirib kelgan. Xitoy sivilizatsiyasining o‘chog‘i bo‘lgan Sariq daryoning qurib borishi 2000 yillardayoq muammoga aylanib ulgurgan. 

Energiya ta’minoti

Sanoatlashgan davlatlarda neft va ko‘mir energiyaning asosiy manbai hisoblanadi. Xususan, AQSHda ko‘mir yoqish orqali mamlakatning 30 foiz elektr energiyasi olinadi. Stenford universitetiga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda ishlab chiqarilayotgan 38 foiz elektr energiyasi ko‘mir yoqish hisobiga olinadi. Neftning inson hayotidagi o‘rni esa undan ham yuqori. Yaxshilab nazar solsak, “qora oltin”ni yoqilg‘i sanoatidan tashqari qurilishda ham, oziq-ovqatda ham, kundalik ehtiyojda ishlatiladigan oshxona jihozlaridan tortib kiyim-kechak tarkibida ham ko‘rishimiz mumkin

Afsuski, ko‘mir va neft ham cheklangan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo yiliga 36 trillion barrel (1 barrel 159 litrga teng – tahr.) neft ishlatadi. “Worldometers”ning ma’lumotlariga ko‘ra, agar har yili shuncha miqdorda neft sarflansa, 47 yildan so‘ng “qora oltin”ning zaxiralari tugaydi. Bundan ham dahshatlirog‘i – agar barcha neft zahiralari yoqib yuborilsa, ekologiya qanday ahvolga keladi?

Ushbu savolga javob topish maqsadida AQSH, Germaniya va Britaniya olimlari NASA bilan o‘zaro hamkorlikda tadqiqot o‘tkazishgan. Natijalarga ko‘ra, agar Yer yuzidagi neft, gaz va ko‘mirning barcha zaxirasi yoqib yuborilsa, havo harorati ko‘tarilib, Antarktika va Grenlandiya muzliklari eriydi va suv sathi 100 metrdan ham balandroqqa ko‘tariladi, atmosferani esa chuqur va zaharli bug‘ qoplab oladi. U esa ming yilgacha tarqalmay turadi.

Urbanizatsiya

Urbanizatsiya – shaharlarning kengayishi. Bunga qishloq aholisining ish izlab, yashash sharoitini yaxshilash maqsadida shaharlarga ko‘chib o‘tishi sabab bo‘lmoqda. BMTning ma’lumotlariga ko‘ra, 1800 yilda dunyo aholisining atiga 2 foizi shaharda yashagan bo‘lsa, ayni vaqtda bu ko‘rsatkich 55 foizga to‘g‘ri keladi. 2050 yilga kelib esa dunyoning 70 foiz aholisi shaharlarda yashay boshlaydi.  

Shahar aholisi qishloqdagilarga qaraganda ko‘proq daromad qiladi. Ko‘p daromad esa ko‘proq harajat va ko‘proq iste’moldan darak beradi. Ko‘proq suv, elektr energiyasi, parvoz va sayohatlar, shaxsiy avtomobil: bularning barchasi Yerda qolgan resurslarning sarflanishini tezlashtiradi. Shaharlar esa kundan-kunga kengayib, uning aholisidagi ehtiyoj ham ortib bormoqda. 

Bunday farq nafaqat qishloq va shahar aholisining kundalik ehtiyojida, balki AQSH, Koreya, Yaponiya va rivojlangan Yevropa mamlakatlari bilan Afrikaning qoloq hamda endi-endi rivojlanayotgan davlatlari orasida ham kuzatiladi. Gap shundaki, rivojlangan davlatlarda tibiiyki, aholining daromadi ham yuqori bo‘ladi. Bu esa ko‘proq harajatga olib keladi. Shunchaki, qo‘sha-qo‘sha avtomobil yoki basseynda suzmoqchi bo‘lsa, albatta o‘sha basseyn katta bir yaxtada, u yaxta esa qaysidir dengizda joylashgan bo‘lishi kerak. Daromadning balandligi faqat ishtahaning ochilishiga olib keladi. 

Shveysariyaning “Global Footprint Network” ilmiy-tahliliy markaziga ko‘ra, ayni vaqtda Yer yuzida mavjud bo‘lgan 8 milliardga yaqin insonning har biri xitoylik kabi hayot kechirganda, Yer sayyorasi torlik qilgan bo‘lar edi. Agar fransuzdek hayot kechirsa, 2,5 ta, AQSH fuqarosidek yashasa, 4 ta Yer sayyorasi kerak bo‘lar edi. Dubay aholisidek hayot kechirish uchun esa 5 ta Yer ham kamlik qiladi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, kislorod ta’minotchisi hisoblangan o‘rmonlarning yo‘q bo‘lib ketishiga 80 yil, ichimlik suvining tugashiga esa 19 yil va barcha energiya ta’minotini yoqib yuborib, dunyoni zaharli sharga aylantirish uchun yana 47 yil vaqt qolibdi. Kelajak avlodga yaxshi zamin qoldiraylik, deb ekologlar jar solib yuradi-yu, lekin hozirgi avlodga ham allaqachon hech qancha vaqt qolmabdi.

Eshik qoqib ulgurgan yuqoridagi global muammolarga qanday yechim borligi xususida kelgusi maqolada o‘qishingiz mumkin. QALAMPIR.UZ`dan uzoqlashmang.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1212

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing