Insof sari baraka ekanini xalqimizga yetkazish kerak – Shavkat Mirziyoyev
Jamiyat
−
14 may 2021
7342Bugun, 14 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi Tepaqo‘rg‘on mahallasi hayoti bilan tanishdi.
Davlat rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida barcha chora-tadbirlar mahallalar kesimida amalga oshirilishini ta’kidlagan edi. Mutasaddilarga o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi holatni o‘rganish, “o‘sish nuqtalari”ni aniqlab, ularni rivojlantirish vazifasi qo‘yilgan.
Tepaqo‘rg‘on mahallasi ham shu tarzda obod qilingan. Bu yerda 30 ta ko‘p qavatli uy bor, 6 ming 150 nafar aholi yashaydi. Ikkita 100 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi, bitta ixtisoslashtirilgan maktab-internat faoliyat yuritmoqda.
Mahalladagi yo‘laklar, daraxtzorlar obod qilingan. Bolalar o‘yingohlari tashkil etilib, sport qurilmalari o‘rnatilgan.
40 ta kichik biznes sub’ektida mahalliy yoshlar va ayollar ishlamoqda. Yaqinda bu yerda yana bir ishlab chiqarish korxonasi - “Euroasia print” bosmaxonasi qurib bitkazildi. Unda 60 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. Shavkat Mirziyoyev ushbu korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Shu yerda Toshkent shahrida xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish rejalari taqdimoti o‘tkazildi.
Mahalla ahli bilan suhbatda nuroniylar Ramazon oyi ro‘zasini shukronalik bilan tutganini, yurtimizga tinchlik-farovonlik so‘rab duolar qilganini aytishdi.
"Mana shu shukronalikni, insof sari baraka ekanini xalqimizga, yoshlarimizga yetkazish kerak. O‘z mahallangizda ko‘rib turibsizlar. Mana, intilsa, qilsa bo‘lar ekan-ku. Bunday o‘zgarishlarning eng katta zamini - yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik. Buning qadriga yetib, har bir mahallani mana shunday chiroyli, tartibli qilishimiz zarur. Balandparvoz gapsiz, mehnatimiz bilan xalqimizni rozi qilishimiz kerak", dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari xorijiy tillarni o‘rgatish markazi faoliyati bilan ham tanishdi.
LiveBarchasi