Infantino muxlislarni hot-dog va kola bilan mehmon qilmoqchi 

Sport

image

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino 2026 yilgi Jahon chempionati finaliga 2 million dollarlik chipta sotib olgan muxlislarga hazil aralash tarzda hot-dog va bir shisha kola sovg‘a qilishini aytdi. Bu haqda Infantino Milken instituti global konferensiyasida so‘z ochdi.

“Agar kimdir final uchun 2 million dollarlik chipta sotib olsa, men shaxsan ularga hot-dog va koka-kola olib boraman, toki ular ajoyib vaqt o‘tkazishsin”, deydi Infantino.

FIFA prezidenti 2026 yilgi Jahon chempionati chiptalari narxining keskin oshishini yuqori talab hamda AQSHda chiptalarni qayta sotishga ruxsat berilgani bilan izohlagan.

“Biz bozorni hisobga olishimiz kerak. Bu dunyodagi eng rivojlangan ko‘ngilochar bozorlardan biri. Shu sababli bozor narxlarini qo‘llashimiz tabiiy. Ba’zi odamlar narxlar yuqori ekanini aytmoqda, ammo bu chiptalar ikkilamchi bozorda bundan ham qimmatroqqa sotilmoqda”, deydi Infantino. 

O‘tgan hafta FIFA’ning rasmiy qayta sotish platformasida 2026 yil 19 iyul kuni Nyu-Jersida bo‘lib o‘tadigan final uchrashuvi uchun to‘rtta chipta sotuvga qo‘yildi. Ularning har biri qariyb 2,3 million dollarga baholangan.

Joriy yilning aprel oyi boshida FIFA turnirning 104 ta o‘yinidan 40 tasi uchun chipta narxlarini oshirdi. Finalning eng qimmat – 1-toifali chiptasi narxi yil boshidagi 8700 dollardan 11 ming dollargacha ko‘tarildi. Shuningdek, Braziliya, Argentina, Angliya, Germaniya va Meksika ishtirokidagi o‘yinlar uchun ham chiptalar qimmatlashgan.

Bu qaror tanqidlarga ham sabab bo‘ldi. Yevropa muxlislar uyushmasi FIFA’ni chipta narxlarini sun’iy oshirishda aybladi. Infantino esa chiptalardan tushgan daromad jahon bo‘ylab futbolni rivojlantirishga sarflanishini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Jahon chempionati tarixda ilk bor 48 ta milliy terma jamoa ishtirokida o‘tkaziladi. Turnir mezbonlari – AQSH, Kanada va Meksika bo‘ladi. Musobaqa 11 iyundan 19 iyulgacha davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon chempionati Janni Infantino FIFA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing