Infantino futbol jamoatchiligidan uzr so‘radi
Sport
−
12:08 461 2 daqiqa
FIFA prezidenti Janni Infantino Jahon chempionati huquqlarini xususiy investorga sotish loyihasini rejalashtirishda yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun uzr so‘radi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Kecha, 15 oktyabr kuni Syurix shahrida FIFA Kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda Infantino futbol olamini birdamlikka chaqirib, “Futbol hamma uchun va hamma joyda”, deya ta’kidlagan.
“FIFA Kengashi so‘nggi oylarda turli manfaatdorlar tomonidan tanqidga uchragan FIFA Forward Enterprise (FFE) loyihasi taklifini muhokama qildi. FIFA prezidenti loyihani ishlab chiqish va uni jamoatchilikka taqdim etish jarayonida yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun uzr so‘radi. Shuningdek, FFE tashabbusi butunlay bekor qilinganini va hech qanday shaklda qayta tiklanmasligini tasdiqladi”, deyiladi tashkilot bayonotida.
Joriy yilning iyul oyida Infantino FIFA’ning erkaklar va ayollar o‘rtasidagi asosiy musobaqalarini boshqarish bilan shug‘ullanadigan alohida kompaniya tashkil etishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgan edi. Uning fikricha, FIFA Forward Enterprise loyihasi FIFA’ga a’zo assotsiatsiyalarning daromadlarini oshirish va butun dunyoda futbol rivojiga hissa qo‘shishi mumkin edi.
Xalqaro futbol federatsiyasi ushbu tashabbus orqali 4,2 milliard dollar mablag‘ jalb qilish mumkinligini bildirgan. Biroq loyiha turli rasmiylar, futbol federatsiyalari va boshqa tashkilotlar tomonidan keskin tanqidga uchradi. Keng jamoatchilik orasida ham e’tirozlarga sabab bo‘lgan tashabbusdan so‘ng Infantino ushbu g‘oyadan voz kechdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA Nyu-Yorkdagi Tramp minorasida joylashgan ofisni yetti yildan ortiq muddatga ijaraga olgani va bu tashkilotga jami qariyb 4 million dollarni tushgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi