Indoneziyadagi ko‘chkida 7 kishi halok bo‘ldi (video)

Olam

image

Indoneziyaning G‘arbiy Yava provinsiyasiga qarashli G‘arbiy Bandung mintaqasida yuz bergan ko‘chki oqibatida kamida 7 kishi halok bo‘ldi, yana 82 kishi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda Indoneziya tabiiy ofatlarga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.

Ko‘chki bugun, 24 yanvarga o‘tar kechasi mahalliy vaqt bilan soat 02:00 atrofida G‘arbiy Bandungdagi Pasirlangu qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Burangrang tog‘i yonbag‘irlaridan oqib tushgan kuchli suv oqimi qariyb 30 ta uyni vayron qilgan. Ko‘chki yuzaga kelishiga bir necha hafta davomida yog‘gan kuchli yomg‘irlar oqibatida tuproqning bo‘shashib ketishi sabab bo‘lgan.

Tabiiy ofatlarga qarshi kurashish agentligi vakili Abdul Muharining aytishicha, bedarak yo‘qolganlar soni rasmiy ko‘rsatkichdan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin.

“Bedarak yo‘qolganlar soni juda ko‘p. Bugun qidiruv-qutqaruv ishlarini maksimal darajada faollashtirishga harakat qilamiz. Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar sonini aniqlash jarayoni hamon davom etmoqda”, deydi Abdul Muhari.

Shundan so‘ng mahalliy hokimiyat ko‘chkilarga moyil hududlarda yashovchi aholini evakuatsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqargan. Dastlabki baholashlarga ko‘ra, ko‘chkidan zarar ko‘rgan hudud maydoni taxminan 30 gektarni tashkil etadi.

Bungacha Indoneziya ob-havo agentligi joriy yil 23 yanvardan boshlab bir hafta davomida G‘arbiy Yava provinsiyasida kuchli yomg‘irlar va boshqa ekstremal ob-havo hodisalari kuzatilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Indoneziyada o‘rmonlarning kesilishi (ko‘pincha palma yog‘iga bo‘lgan global talab bilan bog‘liq), iqlim o‘zgarishi hamda dengiz sathining ko‘tarilishi tabiiy ofatlar xavfining ortishiga sabab bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Indoneziyaning Shimoliy Sulavesi mintaqasida suv toshqini oqibatida kamida 14 kishi halok bo‘lgani, yana bir necha odam bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Indoneziya ko'chki bedarak yo'qolganlar kuchli yomg'irlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing