Indoneziyada Semeru vulqoni otildi
Olam
−
21 noyabr 1248 1 daqiqa
Indoneziyaning Sharqiy Yava provinsiyasida joylashgan Semeru vulqoni 19 noyabr kuni yana faollashdi. Bu haqda mamlakatning Vulqonologiya va geologik ofatlarni yumshatish markazi xabar berdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, otilish vaqtida vulqon krateridan ko‘tarilgan kul ustuni 2000 metr, ya’ni dengiz sathidan 5676 metr balandlikka chiqqan. Kul buluti mashhur sayyohlik hududi – Yava oroli ustida osmonni qorong‘ulashtirgan holda qoplab oldi.
Vulqon faolligi kecha tushdan keyin boshlangan. Yonbag‘irlardan oqib tushgan qizigan kul va piroklastik oqimlar sababli yuzlab aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan va vaqtinchalik boshpanalarga joylashtirilgan.
Mutasaddilar aholini ehtiyotkorlikka chaqirib, krater atrofidagi 2,5 kilometr radiusda yurmaslikni qat’iy tavsiya qildi.
Ma’lumot uchun, Indoneziya dunyodagi eng yirik arxipelag bo‘lib, tarkibiga 18 mingga yaqin orol kiradi. Mamlakat Tinch okeanining “Olov halqasi” deb nomlanuvchi seysmik faol mintaqada joylashgani bois, vulqon otilishlari va zilzilalar tez-tez kuzatiladi. Indoneziyada 500 dan ortiq vulqon mavjud, ularning qariyb 130 tasi faol hisoblanadi.
Semeru mamlakatdagi to‘rtinchi eng baland vulqon bo‘lib, 3676 metr balandlikka ega va Yava orolining eng baland cho‘qqisi sanaladi.
Komila Qobilova
Live
Barchasi