Indoneziyada asirga olingan uchuvchi 1,5 yildan so‘ng ozod qilindi

Olam

image

Yangi zelandiyalik uchuvchi Filipp Mertens Indoneziyaning notinch Papua mintaqasida 18 oydan ortiq asirlikdan keyin ozod qilindi. Bu haqda Yangi Zelandiya Tashqi ishlar vaziri Uinston Piters bayonot berdi.

“Filipp Mertens xavfsiz va sog‘lom ekani hamda oilasi bilan gaplasha olganini tasdiqlashdan mamnunmiz... Ushbu yangilik uning do‘stlari va yaqinlari uchun katta yengillik bo‘lsa kerak”, deydi vazir o‘z bayonotida.

Qayd etilishicha, G‘arbiy Papua Milliy ozodlik armiyasining qurolli guruhi 2023 yil 7 fevralda Mertensni olis, tog‘li Nduga hududiga kichik tijorat samolyoti bilan qo‘ngandan keyin o‘g‘irlab ketgan. Ular Mertensni asirga olib, Yangi Zelandiyani Papuaning Indoneziyadan ajralib chiqishi uchun lobbi qilishga undamoqchi bo‘lgan. Biroq bu amalga oshirish imkonsiz bo‘lgan talab sifatida ko‘rilgan.

Pitersning so‘zlariga ko‘ra, uning vazirligi Indoneziya va Vellingtondagi xodimlari bilan Filipp Mertensning ozod etilishi uchun butun hukumatning doimiy sa’y-harakatlarini boshqargan. Shuningdek, u Mertensning oilasi shaxsiy daxlsizlik so‘ragani va boshqa izoh berilmasligini ma’lum qilgan.

Bildirilishicha, Mustaqillik tarafdori bo‘lgan jangchilarni Ozod Papua harakatining qurolli qanoti a’zosi Egianus Kogeya boshqaradi. Dastlab ular mintaqaning ajralib chiqish talabi bajarilmasa, uchuvchini o‘ldirish bilan tahdid qilgan. Uchuvchining qanday shart evaziga ozod qilingani oshkor etilmagan.

Ma’lumot uchun, G‘arbiy Papua Milliy ozodlik armiyasi Indoneziya hukumati tomonidan terrorchi tashkilot sifatida belgilangan.

Niderlandiyaning sobiq mustamlakasi bo‘lgan Papua 1969 yildagi bahsli referendumdan so‘ng Indoneziyaga rasman qo‘shib olingan. Mintaqa mustaqilligi tarafdorlari esa referendum erkin va adolatli o‘tkazilmaganini ta’kidlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Yangi Zelandiya Indoneziya uchuvchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing