Indoneziyada 200 ga yaqin bola tarkibi “Dok-1 Maks”ga o‘xshash sirop iste’mol qilib vafot etdi
Salomatlik
−
18 yanvar 2023
6882Indoneziyada 2022 yildan beri 200 ga yaqin bola buyrakning o‘tkir shikastlanishidan vafot etgan. Rasmiylarga ko‘ra, bolalarning bunday kasallanishiga tarkibida etilenglikol va dietilenglikol moddalari mavjud bo‘lgan siropni iste’mol qilgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Halok bo‘lgan bolalarning oilalari Indoneziya sudiga davlat idoralari va farmatsevtika firmalariga qarshi da’vo arizalari bilan murojaat qilib, zararni qoplab berishni talab qilgan. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
Indoneziya poytaxti Jakartada 25 ta oila sog‘liqni saqlash va moliya vazirliklari, farmatsevtika kompaniyalarini sudga bergan. Oilalarning advokati Avan Puryadining aytishicha, har biri 224 570,67 AQSH dollarigacha tovon puli talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, etilenglikol moddasi O‘zbekistonda 20 nafar bolaning o‘limiga olib kelgan “Dok-1 Maks” siropi tarkibida ham aniqlangan edi. Hindistonning “Marion Biotech” kompaniyasi ishlab chiqargan siropda etilenglikol moddasi tibbiy qoidalarda ko‘rsatilgan me’yordan 300 baravar yuqori ekanligi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (“O‘zfarm”) tomonidan ma’lum qilingan.
Ozoda Choriyeva
LiveBarchasi