Indoneziya Prezidenti G‘azoga 20 ming askar yuborishga tayyorligini aytdi

Olam

image

Kecha, 23 sentyabr kuni Indoneziya Prezidenti Prabovo Subianto G‘azoga 20 ming tinchlikparvar askar yuborishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda u Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tayotgan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida so‘z ochdi.

Prabovoning aytishicha, Janubi-Sharqiy Osiyodagi bu davlat BMT tinchlikparvar kuchlariga eng katta hissa qo‘shuvchilardan biri sifatida “tinchlik qo‘riqchisi kerak bo‘lgan joylarda xizmat qilishda” davom etadi.

“Xavfsizlik Kengashi va Bosh Assambleya qaror qabul qilsa, Indoneziya G‘azoda yoki Falastinning boshqa hududida tinchlikni ta’minlash uchun 20 ming yoki undan ham ko‘p askar yuborishga tayyor. Bu ikki davlatli yechim uchun, Falastin va Isroilda tinchlik orzu emas, balki haqiqatga aylanishi uchun kerak”, deydi Prabovo.

U zo‘ravonlik bilan siyosiy muammolarni hal qilib bo‘lmasligini aytib, BMTni bu falokatni to‘xtatish uchun qat’iy chora ko‘rishga chaqirdi.

“Aks holda, dunyo tugamaydigan urushlar va kuchayib borayotgan zo‘ravonlik girdobiga kirib qoladi. Birorta davlat butun insoniyatni tahqirlab, bo‘ysundira olmaydi”, deydi u.

Prabovo o‘z nutqida Indoneziyaning mustamlakachilik davridagi tarixini ham eslatib, Niderlandiya mustamlakachiligi ostida xalq qanday zulm ko‘rganini tilga oldi.

“Biz o‘z yurtimizda itlardan ham past ko‘rildik. Shuning uchun adolatdan mahrum bo‘lish, aparteidda yashash, qashshoqlikda qolish va teng imkoniyatlardan mahrum bo‘lish nimani anglatishini yaxshi bilamiz”, deydi Indoneziya Prezidenti.

Falastin ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon Isroil armiyasi G‘azoda 65 mingdan ortiq falastinlikni, asosan, ayollar va bolalarni o‘ldirgan. Tinimsiz bombardimon hududni yashashga yaroqsiz ahvolga keltirgan, ocharchilik va kasalliklar tarqalishiga olib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida so‘zga chiqib, G‘azodagi vaziyatni keskin qoralagandi va mamlakatlarni Falastinni tan olishga chaqirgandi. Shuningdek, u G‘azodagi ochlikdan aziyat chekayotgan ayollar va bolalarning suratlarini ko‘rsatib, sodir bo‘layotgan genotsid “jonli efirda namoyish etilayotganini” aytdi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi nutqida Ukraina va G‘azoda ro‘y berayotgan voqealarga to‘xtalib, bu harakatlarga nuqta qo‘yish kerakligini ta’kidlagandi. Prezident G‘azo sektoridagi tobora yomonlashib borayotgan gumanitar inqiroz haqida gapirar ekan, harbiy harakatlarni to‘xtatish va siyosiy muzokaralarni davom ettirishga chaqirgan.


Maqola muallifi

Teglar

G'azo Prabovo Subianto tinchlikparvar askar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing