Indoneziya Xitoydan 42 ta qiruvchi samolyot sotib olmoqchi

Olam

image

Indoneziya armiyani modernizatsiya qilish rejasi doirasida tez orada Xitoydan qiruvchi samolyotlar sotib oladi. Bu haqda joriy yilning 15 oktyabr kuni mamlakat Mudofaa vaziri Shafri Shamsuddin Jakartada jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.

Shamsuddinning so‘zlariga ko‘ra, Jakarta Xitoyda ishlab chiqarilgan kamida 42 ta Chengdu J-10C qiruvchi samolyotlarini sotib oladi. Bu mamlakatning G‘arbga tegishli bo‘lmagan samolyotlarni sotib olish bo‘yicha birinchi kelishuvi bo‘ladi. 

Mahalliy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, ushbu xarid Indoneziya havo kuchlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mintaqadagi xavfsizlik salohiyatini oshirish imkonini beradi.

Joriy yining 15 oktyabr kuni Moliya vaziri Purbaya Yudxi Sadeva Xitoydan 9 milliard dollardan oshiq qiymatdagi samolyot sotib olish uchun byudjetni tasdiqlagan. 

Qayd etish joiz, Indoneziya Prezident Prabovo Subianto ma’muriyati ostida harbiy arsenalni yangilash va modernizatsiya qilish hamda mudofaa sanoatini mustahkamlashga kirishgan. Subianto 2019 yilda Mudofaa vaziri etib tayinlanganidan beri yangi harbiy qurol tizimlari, kuzatuv va hududiy mudofaa qobiliyatlarini olish maqsadida Xitoy, Fransiya, Rossiya, Turkiya va AQSHga safar qilgan.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, Indoneziya 2024 yil yanvar oyida Fransiyaning Dassault Rafale qiruvchi samolyotlaridan 42 tasiga buyurtma berishni yakunlagan bo‘lib, ularning birinchi partiyasi 2026 yil boshida yetkazib berilishi kutilmoqda. Shuningdek, Janubi-Sharqiy Osiyoning eng yirik iqtisodiyoti bo‘lgan mamlakat ikki dona Scorpene Evolved suvosti kemasini va 13 ta Thales kompaniyasining yerusti nazorat radarini xarid qilishini ham e’lon qilgan.

Indoneziya Mudofaa va strategik tadqiqotlar instituti tahlilchisi Beni Sukadisning ta’kidlashicha, hukumat siyosiy jihatdan betaraflik pozitsiyasini saqlayotgan bo‘lsa-da, tanlovining geosiyosiy oqibatlarini e’tibordan chetda qoldirmasligi lozim. Unga ko‘ra, o‘nlab yillar davomida G‘arb yetkazib beruvchilariga tayanib kelgan Indoneziyaning Pekindan yirik qurol xaridi Xitoyning Janubi-Sharqiy Osiyoda harbiy va diplomatik ta’siri kuchayib borayotgan bir paytda mamlakatning xavfsizlik siyosatidagi yo‘nalish o‘zgarishi sifatida baholanishi mumkin. Sukadis bu qaror Janubiy Xitoy dengizida Xitoy manfaatlari bilan bog‘liq mintaqaviy sezgirlikni kuchaytirishi mumkinligi haqida ham ogohlantirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston AQSHdan qiruvchi samolyot sotib olish rejasidan voz kechgan edi. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi boshchiligidagi hukumat AQSHdan yangi harbiy texnika xarid qilishni rejalashtirmayapti, garchi bu Prezident Donald Trampning asosiy talablaridan biri bo‘lgan bo‘lsa-da.

Mohichehra Qadamova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Xitoy qiruvchi samolyot Indoneziya Chengdu J-10C

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing