Indoneziya falastinliklarga boshpana bermoqchi

Olam

image

Indoneziya G‘azodagi urushdan jabr ko‘rgan falastinliklarga vaqtincha boshpana berishga tayyor. Bu haqda bugun, 9 aprel kuni Yaqin Sharq va Turkiyaga safarini boshlagan Prezident Prabovo Subianto ma’lum qildi.

U birinchi to‘lqinda 1000 falastinlik bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. Prabovoning aytishicha, u o‘z Tashqi ishlar vaziriga Falastin tomoni va boshqa tomonlar bilan zarar ko‘rgan falastinliklarni ko‘pchilik musulmonlar yashaydigan Indoneziyaga qanday evakuatsiya qilish masalasini tezda muhokama qilishni buyurgan.

“Biz yaradorlarni, jarohatlanganlarni, yetimlarni evakuatsiya qilishga tayyormiz”, dedi Prabovo. 

Prezident falastinliklar jarohatlaridan to‘liq tuzalmaguncha va G‘azodagi vaziyat ularning qaytishi uchun xavfsiz bo‘lmaguncha vaqtincha Indoneziyada bo‘lishlarini qo‘shimcha qildi.

Jakarta ikki davlat yechimi tarafdori bo‘lib, gumanitar yordam jo‘natgan.

Indoneziya mojaroni hal qilishda o‘z rolini oshirishni xohlaydi. Bu reja oson emas. Indoneziyaning falastinliklar xavfsizligi va ularning mustaqilligini qo‘llab-quvvatlash majburiyati hukumatimizni faolroq harakat qilishga undadi”, dedi Prabovo.

Ma’lumot uchun, Prabovo o‘tgan yili prezidentlik lavozimiga rasman kirishidan oldin Indoneziya agar kerak bo‘lsa, G‘azoga tinchlikparvar qo‘shinlarini yuborishga tayyor ekanini aytgan.

Isroilning G‘azodagi urushi 2023 yil oktyabr oyida boshlangan. O‘shandan beri Isroilning harbiy kampaniyasida 50 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 27 dekabr kuni 100 nafar yaralangan falastinlik bolalar va ayollar hamda ularning hamrohlari O‘zbekistonga evakuatsiya qilingandi. O‘zbekistonning Qohiradagi elchisi Mansurbek Qilichevga ko‘ra, evakuatsiya qilingan falastinliklar O‘zbekistonda mehmon bo‘lib, o‘z vatanlariga qaytgunlariga qadar mamlakatdagi sharoitlardan foydalanadi. Xususan, ular davolanish va sog‘liqlarini qayta tiklash uchun reabilitatsiya markazlari va shifoxonalarga joylashtiriladi hamda mamlakatda bo‘lish davrida barcha zarur ehtiyojlar, jumladan, mehmonxona, turarjoy, maktablar va oziq-ovqat bilan ta’minlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing