Indoneziya BRICS'ga qo‘shildi

Olam

image

Indoneziya BRICS'ga to‘laqonli a’zo sifatida qo‘shildi. Bu haqda kecha, 6 yanvar kuni assotsiatsiya raisligini 1 yanvardan o‘z zimmasiga olgan Braziliya hukumati ma’lum qildi.

A’zo davlatlar 2023 yilda Yoxannesburg sammitida dastlab yashil chiroq yoqilgan kengayish doirasidagi konsensus asosida dunyoning aholisi bo‘yicha to‘rtinchi davlati bo‘lgan Indoneziyaning kirishini ma’qulladi.

Indoneziyaning arizasi 2023 yilda ma’qullangan, biroq mamlakat prezidentlik saylovlaridan so‘ng a’zolik jarayonini yakunlashini aytgan. Prabovo Subianto davlat rahbari lavozimini 2024 yil oktyabr oyida boshlagan.

“Indoneziya guruhning boshqa a’zolari bilan birgalikda global boshqaruv institutlaridagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi va Global janubdagi hamkorlikni chuqurlashtirishga ijobiy hissa qo‘shadi”, deya qo‘shimcha qildi Braziliya Vazirlar Mahkamasi.

Braziliya o‘z raisligi ostida "ko‘proq qamrab oluvchi va barqaror boshqaruv" yo‘lida ishlamoqda. Unda asosiy e’tibor beshta ustuvor yo‘nalishga qaratildi: samarali to‘lov tizimlarini rivojlantirish orqali savdo va investitsiyalarga ko‘maklashish; sun’iy intellektni tartibga solish; iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 30-konferensiyasiga tayyorgarlik ko‘rish; sog‘liqni saqlash va institutsional rivojlanish sohasida o‘zaro hamkorlik, shu jumladan BRICS'ning ichki tuzilmalarini mustahkamlash.

BRICS – dastlab Rossiya Federatsiyasi, Braziliya, Hindiston va Xitoyni o‘z ichiga olgan norasmiy davlatlar guruhi. 2010 yilda ularga Janubiy Afrika qo‘shildi. 2024 yil sentyabrida NATO a’zosi Turkiya BRICS'ga a’zo bo‘lish uchun ariza bergani ma’lum bo‘ldi. Vetnam ham ittifoqqa qo‘shilishi mumkin. BRICS guruhi yaqinda o‘z a’zolari qatoriga Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Efiopiya va Eronni ham qo‘shib oldi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov O‘zbekiston 2025 yil 1 yanvardan rasman BRICS’ning hamkor davlati bo‘lishini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Braziliya Indoneziya BRICS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing