Imtihonsiz “prava” olib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi (video)

3-sahifa

image

Jizzax shahri hududida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqarolarga haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilib, pul talab qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, 1995 yilda Jizzax shahrida tug‘ilgan, xususiy tadbirkor sifatida faoliyat yurituvchi shaxs fuqarolarning ishonchiga kirib, ularga avtomaktablarda o‘qiganligi haqidagi hujjatlarni rasmiylashtirib berishini aytgan, hatto o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashmagan bo‘lsa ham tegishli hujjatlarni tayyorlab, tanishlari orqali haydovchilik guvohnomasi olishda yordam berishni va’da qilgan. U mazkur xizmat evaziga bir fuqarodan oldindan 10 million so‘m pul talab qilgan. Tezkor tadbir davomida u Jizzax shahri “O‘ratepalik” mahallasida joylashgan oshxona oldida kelishilgan pul mablag‘ini olayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, ushbu shaxs muqaddam Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lib, sud tomonidan jazolangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Do‘stlik tumani bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) birinchi qismi va 211-moddasi (pora berish) tegishli qismlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda IIO bo‘linma boshlig‘i pora bilan qo‘lga tushgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing