Imron Xon o‘z oyog‘i bilan sudga boradigan bo‘ldi

Olam

image

Bugun, 18 mart kuni Pokistonning sobiq Bosh vaziri va muxolifatdagi “Adolat Harakati” partiyasi raisi Imron Xon Islomobodda o‘z lavozimida bo‘lgan vaqtida chet ellik yetakchilardan olingan qimmatbaho sovg‘alarni sotgani uchun qo‘zg‘atilgan sud ishida ishtirok etadi. Bu haqda “Geo” telekanali xabar berdi.

Qayd etilishicha, Xon Pokiston poytaxtida sud majlisida shaxsan ishtirok etish uchun 18 mart kuni ertalab Lahordagi qarorgohini tark etgan. Islomobodda esa Imron Xonga qarshi ish ko‘rib chiqilayotgan vaqtda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Imron Xonga qarshi sud jarayonlari

2022 yil oktyabr oyida Pokiston Saylov komissiyasi Xonni saylovlardan chetlashtirgan va Bosh vazir sifatida daromadlari to‘g‘risida noto‘g‘ri moliyaviy hisobot bergani uchun uni besh yil muddatga davlat lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan. Qaror Xonning sovg‘alarni sotishdan tushgan kamida 36 million Pokiston rupiyini (137,7 ming dollar) o‘zlashtirgani va unga qarshi olib borilgan tergov fonida qabul qilingan. 

OAVga ko‘ra, Imron Xon Yaqin Sharq davlatlari rahbarlari tomonidan umumiy bozor qiymati 154 million rupiy (1,897 million dollar) bo‘lgan sovg‘a sifatida taqdim etilgan bir nechta qo‘l soatlarini sotishda gumon qilingan. Imron Xon go‘yoki bu sovg‘alarni sezilarli chegirma bilan sotgan, so‘ngra olingan summaning atigi 20 foizini Toshaxon davlat omboriga o‘tkazib, savdodan qolgan pulni o‘zlashtirgan. Pokiston hukumati esa Bosh vazir va xorijiy davlatlar rahbarlari o‘rtasidagi sovg‘alar almashinuvi mamlakatlararo munosabatlarni aks ettirishini, bunday ma’lumotlarning oshkor etilishi xalqaro munosabatlardagi mamlakat manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin ekanini bildirgan.

2022 yilning noyabriga kelib, Islomobod sudi Xonga hukumat boshchiligida xorijiy davlat rahbarlaridan olingan qimmatbaho sovg‘alarni sotish aybi bilan jinoiy ish ochgan.

Joriy yilning 28 fevralida Pokiston poytaxti sudi sobiq Bosh vazir Imron Xonni doimiy ravishda sud majlislarida ishtirok etmagani sababli hibsga olish to‘g‘risida order bergan. 7 mart kuni Islomobod Oliy sudi sud qarorini to‘xtatib, Xonni 13 mart kuni bo‘lib o‘tadigan sud majlisida shaxsan ishtirok etishini buyurgan. Belgilangan kuni Xon yana sudga kelmagan, buni advokatlar uning sog‘lig‘i yomonligi va Xonning 2022 yil noyabr oyida unga suiqasd uyushtirilishi oqibatida orttirgan “nogironligi” bilan izohlagan. Shu munosabat bilan sobiq Bosh vazirni hibsga olish uchun order yangilangan.

14-15 mart kunlari huquq-tartibot idoralari xodimlari Xonni sud qaroriga asosan hibsga olishga harakat qilgan, biroq ular “Adolat Harakati” partiyasi tarafdorlarining qarshiliklariga duch kelgan, oqibatda 60 dan ortiq politsiyachi jarohat olgan. Shu bilan birga, Xonning Islomoboddagi advokatlari sudyalarni uning hibsga olish orderini sudga o‘zi kelishi sharti bilan yana to‘xtatib turishga ko‘ndirgan.

Ma’lumot uchun, Pokistonning sobiq bosh vaziri 2022 yil 10 aprelda unga bildirilgan ishonchsizlik votumi natijasida lavozimidan chetlatilgan. Bundan oldin Xon o‘z hukumatiga Qo‘shma Shtatlar va mahalliy muxolifat tomonidan tahdid qilinganini aytgan. Sobiq Bosh vazir o‘ziga qarshi siyosiy jarayon xorijdan moliyalashtirilganini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Imron Xonni hibsga olish uchun kelgan politsiyaga uning tarafdorlari 18 soat davomida qarshilik ko‘rsatgan, zobitlarga qarata tosh va g‘isht otgan edi. Politsiya esa olomonga qarshi ko‘zni yoshlantiruvchi gazdan foydalangandi.


Maqola muallifi

Teglar

sud Imron Xon Pokiston Islomobod Lahor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing