Impichment xavfi sabab Tramp Grenlandiya masalasida ortga chekindi – OAV
Olam
−
17:23 2213 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani egallab olish borasidagi keskin bayonotlaridan keyin jiddiy bosim ostida qoldi. Hatto bu masala uning impichmentiga sabab bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Bu haqda kecha, 26 yanvar kuni “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2025 yilning dekabr oyida Grenlandiya poytaxtida AQSH, Daniya va Grenlandiya rasmiylari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Muzokaralar xotirjam ruhda kechgan va unda AQSHning Grenlandiyani harbiy yoki moliyaviy yo‘l bilan egallab olishi haqida umuman gap bo‘lmagan.
Biroq oradan ikki hafta o‘tib vaziyat keskin o‘zgargan. Tramp Grenlandiya bo‘yicha maxsus elchi etib Jeff Landrini tayinlaganini e’lon qilgan. Landri esa ijtimoiy tarmoqlarda “Grenlandiyani AQSHning bir qismiga aylantirishga yordam berishini” yozgan. Bu esa ko‘pchilikda keskin norozilik uyg‘otgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Tramp bu boradagi qarorlarni ko‘pincha diplomatlar va milliy xavfsizlik maslahatchilarini chetlab o‘tgan holda qabul qilgan. Grenlandiya masalasidagi bosimlar, ittifoqchi davlatlarga nisbatan yangi tariflar va Daniyadan imtiyozlar talab qilinishi faqat Tramp va uning yaqin doiradagi yordamchilari tomonidan ilgari surilgan. Ushbu maslahatchilar orasida Savdo vaziri Govard Lyutnik, vitse-prezident Jey Di Vens va Davlat kotibi Marko Rubio ham bor.
Qo‘shma Shtatlarning yuqori lavozimli amaldorlari Trampni harbiy kuch ishlatish fikridan qaytarishga harakat qilgan. Bunday keskin va kutilmagan qarorlar AQSHning yaqin ittifoqchilari bilan munosabatlariga putur yetkazishi mumkinligini aytgan. Ayniqsa, Grenlandiya bo‘yicha harbiy harakatlar ehtimoli Kongressda jiddiy norozilik uyg‘otgan.
Manbalarga ko‘ra, bir qator qonunchilar Marko Rubio va Oq uyning yuqori lavozimli amaldorlariga qo‘ng‘iroq qilib, bu masala impichment jarayoniga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan. Hatto ayrim respublikachilar ham Grenlandiyaga harbiy aralashuv bo‘lsa, Trampga qarshi impichment tergovi boshlanishidan xavotir bildirgan. Shundan so‘ng Tramp orol borasida o‘z fikrini o‘zgartirgan.
Oq uy vakili Anna Kellining aytishicha, Tramp “Amerika birinchi o‘rinda” siyosatini qat’iy amalga oshirgan va qarorlarni markazlashgan holda qabul qilgan. Biroq so‘nggi voqealar bu yondashuv jiddiy siyosiy xavflarni yuzaga keltirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Janubiy Koreya mahsulotlariga bojlarni 25 foizga oshirgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi