Imomali Rahmon “Arqadag‘”ni Dushanbedagi sammitga taklif qildi
Olam
−
01 Sentabr 2023
4653Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Turkmaniston Xalq kengashi raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga maktub yo‘lladi. Bu haqda Turkmaniston ommaviy axborot vositalari yozmoqda.
Qayd etilishicha, Imomali Rahmon qo‘shni respublikaning sobiq rahbarini Markaziy Osiyo davlatlari Prezidentlarining muzokaralarida ishtirok etishga taklif qilgan.
“Ishonchli siyosiy muloqotni davom ettirish muhimligini ta’kidlagan holda, sizni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi yubiley maslahat uchrashuvida ishtirok etishga taklif qilishdan mamnunman”, deyiladi Rahmonning maktubida.
Tojikiston rahbari bo‘lajak uchrashuv mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish jarayonini, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirgan.
Joriy yilning 14-15 sentyabr kunlari Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tadi. U yerda yetakchilar amaldagi kelishuvlarning samaradorligini muhokama qiladi, shuningdek, yangi kelishuvlarni imzolaydi. Sammit doirasida Dushanbeda 16 ta tadbir, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy forumi, olimlar uchrashuvi, madaniy tadbirlar va mintaqaning barcha beshta davlatining oshpazlik an’analarini aks ettiruvchi milliy taomlar ko‘rgazmasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvi ilk bor 2018 yilda Qozog‘istonning Ostona shahrida, 2019 yilda O‘zbekistonning Toshkent shahrida, 2021 yilda Turkmanistonning Avaza shahrida va 2022 yilda Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan.
LiveBarchasi