Imom Buxoriy majmuasida 10 ming kishilik masjid qurilmoqda

Jamiyat

image

Samarqand viloyatida hadis ilmining sultoni Imom Buxoriyning majmuasi qurilmoqda. Bu yerda buyuk alloma hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan muzey va ilmiy dargohlar bilan birga, 10 ming kishilik masjid ham bunyod etilmoqda. Bu haqda bugun, 25 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tayotgan iftorlik marosimida ma’lum qildi.

“Xabaringiz bor, ulug‘ vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriyning Samarqandda barpo qilinayotgan muazzam majmuasi qurilishi ham jadal davom ettirilmoqda. Bu yerda buyuk ajdodimiz hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan muzey va ilmiy dargohlar bilan birga, 10 ming kishilik masjid ham bunyod etilmoqda.

Nasib etsa, bu yil ana shu ikki muhtasham obidani – Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasining ochilish marosimini barchamiz birgalikda tantanali ravishda o‘tkazamiz”, dedi Mirziyoyev.

Shuningdek, Prezident bu yil kalom ilmining buyuk peshvolaridan biri bo‘lmish Imom Moturidiy hazratlari tavalludining 1155 yilligini keng nishonlanishini bildirdi. Moturidiyning Samarqanddagi muborak qadamjolari yanada obod qilinadi.

“Eng muhimi, bu ishlarimiz Imom Moturidiy merosi va moturidiylik ta’limotini yurtimiz va xorijiy olimu ulamolar bilan hamkorlikda ilmiy asosda o‘rganishda yangi va katta qadam bo‘ladi”, dedi Prezident.

Ma’lumot uchun, Imom Buxoriy majmuaning umumiy maydoni 44 gektar. Bugungi kunda mahobatli maqbara qurib bitkazilgan. Balandligi 75 metrlik 4 ta minora majmuaga ulug‘vorlik bag‘ishlagan. Shuningdek, muzey, ayvonlar, ma’muriyat va xizmat ko‘rsatish binolari barpo etilgan. 

Moturidiy majmuasida esa 1 ming 500 kishiga mo‘ljallangan jome masjid, ma’muriy bino qurilishi ko‘zda tutilgan. U yerda kutubxona, majlislar zali, innovatsion muzey hamda mutaxassislar uchun xonalar bo‘ladi. Majmua yaqinida ziyoratchilar uchun avtoturargoh, tahoratxona quriladi. 

Eslatib o‘tamiz, 22 mart kuni Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrif buyurib, Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev masjid Imom Buxoriy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing