Iltimos, qo‘lqop taqishni unutmang! Keyingi bekat – “aldamchi xavfsizlik”

Tahlil

image

Joriy yilning 16 martidan buyon O‘zbekistonda karantin cheklovlari amal qilmoqda. Bu davr mobaynida ikki marta kuchaytirilgan karantinni ham boshdan o‘tkazdik. O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan joriy etilayotgan ko‘plab cheklovlar, albatta, pandemiya davrida fuqarolar salomatligini saqlashga qaratilgan. Biroq, koranavirusga qarshi kurash shtabi va tegishli tashkilotlar tomonidan qabul qilingan qarorlar, choralar, tavsiya etilgan dori-darmonlar, ko‘rsatmalar o‘zini oqlamagan holatlar ham bo‘ldi. Lekin ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida bugun asosiy mavzu – qo‘lqop.

Joriy yilning 19 oktyabridan poytaxtdagi jamoat transportlarida tibbiy niqob bilan bir vaqtda, qo‘lqopdan foydalanish majburiyati joriy etildi va bu ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘ldi. Ajablanarli jihati, Sog‘liqni saqlash vazirligi ham, Respublikasi maxsus komissiyasi va Koronavirusga qarshi kurash shtabi ham bu borada hech qanday ko‘rsatma bermagan. Transport vazirligi tomonidan ilgari surilgan ushbu majburiyatga oddiy aholi bilan bir vaqtda transport haydovchisi va chiptachilarning ham amal qilmayotgan holatlarini ko‘rib turibmiz. Bu haqda keyinroq so‘z yuritamiz. 

Vazirlik jamoatchilik noroziligidan so‘ng qo‘lqoplarni bepul tarqatishni va bu poytaxt aholisi uchun byudjetdan ajratiladigan mablag‘ hisobidan amalga oshirilishini aytdi. Xo‘sh, davlat byudjeti shunchalik boymi? Uni kim to‘ldiradi? Birgina 2020 yil davlat byudjetining asosiy daromadlari sifatida Qo‘shilgan qiymat solig‘i (44,2 trln), yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i (22,1 trln) hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (16,1trln) olingan. Eslatib o‘tamiz, Moliya vazirligi axborotiga ko‘ra, 2020 yil uchun Davlat byudjeti daromatlari 128,4 trln so‘mni tashkil etadi. Ko‘rinib turibdiki, Davlat byudjetidan qilingan har qanday xarajat xalq to‘lagan soliqlar hisobidan amalga oshiriladi. 

Endi asosiy mavzuga o‘tsak, jamoat transportlarida “tekin”ga tarqatilayotgan qo‘lqoplarning bir jufti 56 so‘m. Arzimagan pul shundaymi? Endi buyog‘ini eshiting. Hisob-kitoblarga qaraganda, jamoat transportidan bir kunda 430 ming yo‘lovchi foydalanar ekan. Bu 24 million 80 ming so‘m degani. Bir oyda 746,480,000 so‘m bo‘ladi. Bu, albatta, taxminiy hisob-kitoblar. Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘iga ko‘ra, qo‘lqoplar uchun kuniga 28 million so‘m sarflanmoqda. 

Masalaning narxdan tashqari bo‘lgan jihati ham bor. Olimlarning fikricha, qo‘lqop “aldamchi xavfsizlik” hissini uyg‘otadi va odam qo‘lqop kiygan holda qo‘li ochiq paytdagidan ko‘ra ko‘proq boshqa narsalarga teginadi. Bundan tashqari, JSST ham qo‘lqop taqish foydasiz ekani haqida bir necha bor bayonot berdi. 

Bu hali hammasi emas. Cheklovning birinchi kunidanoq Toshkent ko‘chalari ishlatilgan qo‘lqoplar bilan to‘lib ketganiga guvoh bo‘ldik. Odamlarimiz mazkur qarorga nisbatan o‘z munosabatlarini shu yo‘l bilan ko‘rsatayotgandek go‘yo. Yoki poytaxtda chiqindi qutilari yetishmaydimi? Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, polietilen mahsulotlarining tabiiy holda chirishi uchun taxminan 400 yil talab etiladi. 

Aslida bu kabi muammo bilan Oliy Majlisda 11 o‘rinni band qilib turgan “yashillar” partiyasi shug‘ullanishi kerak. Har qalay saylovoldi dasturlarida shahar tozaligini ta’minlash borasida ham yetarlicha va’da berilgan edi. 

“Bugungi pandemiya sharoitida  aholining salomatligini o‘ylab, kasallik tarqalishini oldini olish maqsadida tibbiy niqob va  qo‘lqop taqishga qo‘yilgan talab, tibbiy chiqindilar bilan bog‘liq  muammolarni yana kun tartibiga olib chiqdi”, deya o‘z munosabatini bildirgan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov. 

Nima bo‘lganda ham unutmaslik kerakki, biz tashlagan bu chiqindilarni qaror mualliflari emas, onamiz tengi ayollar tozalaydi. 

Qaror kuchga kirganiga endigina 5 kun bo‘ldi.  Ammo uning ijrosi xo‘jakorsin uchun qilinayotgandek. Jamoat transportlarida, xususan yer osti poyezdidan foydalanayotganda metropoliten xizmatchilari o‘zlari istagan yo‘lovchiga tibbiy qo‘lqob berayotgandek. Qo‘lqop taqayotganlar ham barmoq bilan sanarli darajada. Bu qo‘lqop taqishga qarshi baykot namunasimi yoki qo‘lqop zaxirasi bor-yo‘g‘i uch kunga yetarmidi? 

So‘zimiz so‘ngida qanday qaror chiqarib, olamshumul yangilikka qo‘l ursam ekan deb bosh qashlayotgan kattakonlarga bir iltimos bor: Qabul qilayotgan qarorlaringiz faqat ma’lum maqsadlar va ayrim doiralar manfaatlariga emas, xalq va uning manfaatlariga mos kelsin. Bugun butun dunyo og‘ir jarayonni boshdan kechirayotgan, O‘zbekiston ham bundan mustasno bo‘lmagan davrda shundoq ham tagi ko‘rinib qolgan byudjetni bo‘lar-bo‘lmas narsalarga sarflamaylik. Xulosa sizdan. 

Karim ZARIPOV


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

qo'lqop

Baholaganlar

206

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing