Ilon Maskning boyligi 800 mlrd AQSH dollaridan oshdi – “Forbes”
Bu qiziq
−
14:13 640 2 daqiqa
Amerikalik tadbirkor Ilon Mask boyligi 800 milliard AQSH dollaridan oshgan dunyodagi birinchi inson bo‘ldi. Bu haqda “Forbes” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, bu holat Maskka tegishli SpaceX kompaniyasi uning o‘ziga qarashli bo‘lgan, sun’iy intellektga ixtisoslashgan va Grok chat-botini ishlab chiqqan xAI kompaniyasini sotib olganidan so‘ng yuz bergan. “Forbes” bahosiga ko‘ra, ushbu kelishuv Maskning boyligini 84 milliard AQSH dollariga oshirib, rekord darajadagi 852 milliard AQSH dollariga yetkazgan.
“Forbes” talqinidagi eng boy insonlar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinda Google hammuassisi Larri Peyj joylashgan. Nashr uning boyligini 281 milliard AQSH dollarga baholagan.
Bitimgacha Mask SpaceX aksiyalarining 42 foiziga egalik qilgan bo‘lib, ularning qiymati 336 milliard AQSH dollarini tashkil etgan. Shuningdek, u xAI aksiyalarining 49 foiziga ega bo‘lgan, bu ulush 122 milliard AQSH dollarga baholangan. Kelishuvdan so‘ng “Forbes” hisob-kitoblariga ko‘ra, Mask birlashgan kompaniya aksiyalarining 43 foiziga egalik qiladi va ularning qiymati 542 milliard AQSH dollarni tashkil etadi.
“Forbes” 2025 yilning 20 dekabrida Maskning boyligi 700 milliard AQSH dollaridan oshganini yozgan. Ilon Mask nashrning eng boy tadbirkorlar reytingida ilk bor 2021 yil yanvarida yetakchilik qilgan va o‘shanda uning boyligi 190 milliard AQSH dollariga baholangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyoning eng boy 20 nafar milliarderining jami sarmoyasi taxminan 3,8 trillion AQSH dollarini tashkil etayotgani haqida xabar berilgan edi.