Ilon Mask yuqori lavozimga tayinlanadi
Olam
−
13 noyabr
11104AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp milliarder Ilon Mask va prezidentlikka sobiq nomzod va Trampning ittifoqdoshi Vivek Ramasvami yangi Hukumat samaradorligi departamentiga rahbarlik qilishini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 12 noyabr kuni bayonot berdi.
Trampning aytishicha, Hukumat samaradorligi departamenti AQSH hukumatining federal agentligi bo‘lmaydi, balki “hukumatdan tashqarida” maslahat va yo‘l-yo‘riqlar beradi hamda “tub hukumat islohotlarini amalga oshirish” uchun Oq uy va Boshqaruv va byudjet boshqarmasi bilan hamkorlik qiladi.
Yangi saylangan prezident ushbu yangi departamentning moliyalashtirish manbalari haqida batafsil ma’lumot bermagan.
“Men Ilon va Vivekning federal byurokratiyaga samaradorlikni ko‘zlab o‘zgartirishlar kiritishini hamda shu bilan bir vaqtda barcha amerikaliklar hayotini yaxshilashini intizorlik bilan kutyapman”, deya qo‘shimcha qilgan Tramp.
Mask 12 noyabr’ kuni kechqurun yangi lavozimga tayinlanishiga munosabat bildirib, departamentning asosiy jihati jamoatchilik bilan shaffoflik bo‘lishini ta’kidlagan.
“Agar jamoatchilik bizning muhim narsani qisqartirayotganimizni yoki behuda xarajatlarni qisqartirmayotganimizni o‘ylasa, bizga xabar berishsin!” deydi Mask.
Shuningdek, u soliq to‘lovchilarning pullarini sarflanishini kuzatish uchun ommaviy “yetakchilar jadvali” tuzishini aytgan.
Tramp esa yangi departament 6,5 trillion dollarlik davlat xarajatlari doirasida mavjud bo‘lgan “ulkan isrofgarchilik va firibgarlik”ni bartaraf etishni maqsad qilganini ta’kidlagan.
Hozirda X, Tesla va SpaceX kabi oltita kompaniyaga rahbarlik qilayotgan Maskning hukumat xodimi bo‘lishi kutilmayapti, chunki bu undan o‘zining biznes imperiyasidan voz kechishini talab qilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 2024 yilgi saylov davrida Tramp, agar prezident etib saylansa, Maskni o‘z ma’muriyatiga jalb qilish niyatini ochiq-oydin bildirgan edi.
Sentyabr oyida Tramp Nyu-Yorkdagi Iqtisodiy brifingda so‘zga chiqib, Mask “butun federal hukumatning moliyaviy va faoliyat samaradorligini to‘liq tekshirish” hamda “keskin islohotlar bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish” uchun maxsus ishchi guruhga boshchilik qilishini e’lon qilgandi.
Yanvar oyida prezidentlikka nomzodligini to‘xtatgan biotexnologiya sohasidagi tadbirkor Ramasvami Trampning saylovoldi kampaniyasini faol qo‘llab-quvvatladi.
“Menimcha, Donald Tramp odamlar hayotini yaxshilashga e’tibor qaratmoqda. Aslida, demokratlarga, hatto Donald Trampga ovoz bermaganlarga ham aytmoqchimanki, unga hayotingizni yaxshilash uchun imkoniyat bering”, deydi Ramasvami.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp “Fox News” telekanali boshlovchisi Pit Xegsetni AQSH Mudofaa vaziri lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatganini ma’lum qilgandi.
Mohinur Karimova
LiveBarchasi