Ilon Mask G‘azoga borishga tayyor emas
Olam
−
29 noyabr 2023
5434Amerikalik tadbirkor Ilon Mask G‘azo sektoriga borishga hali tayyor emas. Bu haqda u o‘zining X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi hisobida ma’lum qildi.
Joriy yilning 20 noyabr kuni HAMASning yuqori martabali rasmiysi Usama Hamdan G‘azo xalqiga nisbatan qilingan zulmni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi uchun Ilon Maskni G‘azoga taklif qilgan edi. Bunga javoban tadbirkor G‘azo biroz qo‘rqinchli ko‘rinishini aytgan va gullab-yashnagan G‘azo barcha tomonlar uchun foydali bo‘lishini bildirgan.
“Hozirda u yer (G‘azo) biroz qo‘rqinchli ko‘rinadi. Biroq men uzoq muddat gullab-yashnaydigan G‘azo barcha tomonlar uchun foydali bo‘lishiga ishonaman”, degan Mask.
Joriy yilning 27 noyabr kuni Ilon Mask Isroilga safar qildi va u yerda Bosh vazir Binyamin Netanyaxu va Prezident Isxak Gersog bilan uchrashdi. Mask Netanyaxuning HAMASni yo‘q qilish kerakligi haqidagi fikrini qo‘llashini bildirdi va HAMASning hujumlaridan eng ko‘p jabrlangan Kfar-Aza kibutsiga bordi. Shuningdek, u mojaro tugagach, Isroilga G‘azoni demilitarizatsiya va “deradikalizatsiya” qilishda yordamlashishni xohlashini bildirgan.
Qayd etish kerakki, Ilon Mask Rossiya-Ukraina urushi va Isroil-Falastin to‘qnashuviga nisbatan o‘zgacha qarashlarga egaligi bilan ajralib turadi. Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati esa Ukraina va Isroilni to‘la-to‘kis qo‘llab keladi.
Ekspertlarning fikriga ko‘ra, AQSHning eng boy odami Ilon Mask mamlakatning siyosiy kun tartibiga jiddiy ta’sir o‘tkaza olishi mumkin. Shu sababdan Maskning Falastin va uning xalqiga yon bosuvchi gaplari Isroil hukumatining g‘azabini keltiradi.
Avvalroq, HAMAS rasmiysi Usama Hamdan Ilon Maskni G‘azoga taklif qilgani haqida xabar bergan edik.
Ma’lumot uchun, Ilon Mask Tesla, Starlink, Neurolink, X (Twitter) kabi kompaniyalarning bosh direktori hisoblanadi. Uning umumiy boyligi 200 milliard dollardan ortiqqa baholanadi.