Ilon Mask 4-marta xotini bilan ajrashdi

Olam

−

image

Amerikalik milliarder tadbirkor Ilon Mask o‘zi asos solgan Neuralink korporatsiyasi top-menejeri va to‘rt nafar farzandining onasi Shivon Zilis bilan munosabatlarini tugatdi. Bu haqda Shivon Zilis o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

“Farzandlarimiz uchun nihoyatda minnatdorman. Ular hayotimdagi har bir kunni eng yaxshi kunga aylantiradi! Men buyog‘iga u bilan yaxshi do‘st hamda farzandlarimizni birgalikda tarbiyalaydigan yaxshi ota-ona bo‘lib qolishimizga chin dildan umid qilaman va buning uchun ibodat qilaman.

Bu ishlar menga og‘ir botmoqda, biroq “I” haqida doim qayg‘uraman va har doim uning baxtli bo‘lishini istayman. Omad tilayman, Ilon. Dunyoda sening borliging omad”, deb yozdi Zilis.

Shu bilan birga, Zilis ajralishdan biroz oldin ham Mask bilan iliq er-xotinlik munosabatida bo‘lgani haqida yozgan. Shu sababli, Maskning qarori u uchun kutilmagan bo‘lgan. Zilis, shuningdek, sobiq eri bilan so‘nggi yozishmalarini ham e’lon qilgan.

Yozishmalarda milliarder Zilisga “Men ham seni sevaman”, deb yozgani va uni Oq uydagi kechki ovqatga taklif qilmaganidan afsuslangani ko‘rinadi. Oradan bir necha kun o‘tib, juftlik munosabatlarini tugatgan. Mask esa hozircha voqeaga rasman izoh bermagan, biroq internetda Zilisni kuzatishni to‘xtatgan.

Ma’lumot uchun, Ilon Mask shaxsiy hayoti va ko‘p farzandli ekani bilan tez-tez e’tibor markazida bo‘lib turadi. Uning birinchi rafiqasi – kanadalik yozuvchi Jastin Uilson bilan 2000–2008 yillardagi nikohidan 6 nafar farzand dunyoga kelgan: 2002 yilda tug‘ilgan to‘ng‘ich o‘g‘li Nevada Aleksandr bor-yo‘g‘i 10 haftaligida vafot etgan, keyinroq EKO usuli orqali 2004 yilda egizaklar Griffin va Vivian Jena (asli ismi Ksave bo‘lib, 2022 yilda jinsi hamda familiyasini o‘zgartirib, otasi bilan aloqani uzgan), 2006 yilda esa uch egizak – Kay, Sakson va Damian dunyoga kelgan. Mask britaniyalik aktrisa Talula Rayli bilan ikki marta (2010–2012 va 2013–2016 yillarda) turmush qurgan bo‘lsa-da, ularning birgalikdagi farzandlari yo‘q.

Keyinchalik kanadalik xonanda Grayms (Kler Elis Bushe) bilan munosabatlaridan 3 nafar farzand ko‘rgan: 2020 yilda X Æ A-12 (laqabi “X”), 2021 yil oxirida surrogat ona orqali Exa Dark Sideræl (laqabi “Y”) va 2022 yilda Techno Mechanicus (laqabi “Tau”) tug‘ilgan. Shuningdek, Mask o‘zining Neuralink kompaniyasi rahbarlaridan biri Shivon Zilis bilan ham farzandlar ko‘rgan: 2021 yil noyabrida egizaklar Strayder va Lazuli, 2024 yil boshida uchinchi farzandi hamda 2026 yil boshida to‘rtinchi farzandi dunyoga kelgan. Shu tariqa, Ilon Mask turli munosabatlaridan jami 14 nafar farzand ko‘rgan (to‘ng‘ichi vafot etgani sababli hozirda 13 nafari hayot).


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing