Ilk bor O‘zbekistonning 2 ta oliygohi dunyo universitetlarining TOP-1000 taligiga kirdi
Olam
−
05 iyun
29261Bugun, 5 iyun kuni Buyuk Britaniyaning nufuzli QS Quacquarelli Symonds xalqaro reyting agentligi dunyodagi eng yaxshi universitetlar reytingi – QS World University Rankings -2025 natijalarini e’lon qildi.
Reytingdan birinchi marta O‘zbekistonning birvarakayiga ikki oliy ta’lim muassasasi – Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti 547-o‘rin hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti 781–790-o‘rin bilan munosib joy egalladi.
TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti QS Quacquarelli Symonds xalqaro reyting agentligi metodologiyasining to‘qqiz ko‘rsatkichidan oltitasida yuqori ko‘rsatkichlarni namoyon etdi. Akademik nufuz ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 300 ta oliy o‘quv yurtlari qatoriga va Markaziy Osiyodagi eng yaxshi universitetlar uchligiga kirdi.
Xususan, reytingning "O‘qituvchi–talaba nisbati" ko‘rsatkichi (144-o‘rin) bo‘yicha dunyoning 200 ta eng yaxshi universitetlari qatoridan joy oldi. "Akademik nufuz" indikatorida esa TIIIMSH 290-o‘rinni egallab, Markaziy Osiyo mintaqasida uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi, "Ish beruvchilar o‘rtasidagi nufuzi" indikatori bo‘yicha 456-o‘rinni oldi.
Ma’lumot uchun, QS Quacquarelli Symonds global oliy ta’lim sektori uchun xizmatlar, tadqiqot va tahlillar taqdim etuvchi dunyodagi yetakchi reyting agentligi bo‘lib, universitetlar samaradorligini qiyosiy taqqoslash orqali ma’lumotlar taqdim etuvchi dunyodagi eng mashhur manba hisoblanadi.