Ilk bor dunyodagi eng go‘zal so‘z aniqlandi

Bu qiziq

image

Xalqaro hakamlar hay’ati ilk bor dunyodagi eng go‘zal so‘zni tanladi. Bu Yangi Zelandiyaning tub aholisi bo‘lmish maori xalqi tilidagi “kaytiakitanga” (kaitiakitanga) so‘zi bo‘lib, u o‘zbek va boshqa ko‘plab tillarda aniq muqobilga ega emas. Bu haqda xalqaro tanlovni tashkil etgan chet tillarini o‘rganish bo‘yicha “Babbel” platformasi xabar berdi.

“Kaytiakitanga” so‘zi insonning tabiat oldidagi mas’uliyatini, uni atrof-muhitni asrab-avaylash va kelajak avlodlar uchun saqlab qolish burchini anglatadi. Maori xalqining dunyoqarashida inson tabiatning egasi emas – u tabiatning ajralmas qismi va uning himoyachisi hisoblanadi.

Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, tanlov jarayonida so‘zning faqatgina eshitilishi (ohangdorligi) emas, balki uning ma’nosi, madaniy qiymati va zamonaviy dunyo uchun dolzarbligi ham baholangan.

G‘olibni aniqlash uchun “Babbel” jamoasi ijtimoiy tarmoqlar va til forumlaridagi ko‘plab muhokamalarni tahlil qilib chiqqan. Yakuniy qarorni esa tilshunoslar va madaniyatshunos ekspertlardan iborat xalqaro hakamlar hay’ati qabul qilgan. Tanlovda dunyoning 75 dan ortiq tilidan 223 ta so‘z ishtirok etgan.

Finalga, shuningdek, allaqachon butun boshli madaniyatlar ramziga aylangan bir nechta taniqli so‘zlar ham chiqqan:

  • “Saudade” (portugalcha) – yo‘qotilgan yoki erishib bo‘lmaydigan narsaga bo‘lgan chuqur sog‘inch (qo‘msash);
  • “Ikigai” (yaponcha) – hayot mazmuni yoki inson har ertalab uyg‘onishiga sabab bo‘ladigan maqsad;
  • “Hiraeth” (uelscha) – vatanga yoki endi qaytib bo‘lmaydigan makonga bo‘lgan sog‘inch;
  • “Ubuntu” (zulu tili) – odamiylik, insonlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va jipslik;
  • “Luftmensch” (yiddish tili) – moddiy qadriyatlardan ko‘ra ko‘proq g‘oyalar dunyosi bilan yashaydigan xayolparast, idealist inson.

Tashkilotchilarning bildirishicha, tanlov dunyoning til va madaniyat rang-barangligiga e’tiborni qaratish hamda ayrim so‘zlar boshqa tillarda aniq tarjimasi bo‘lmagan noyob tushunchalarni ifodalay olishini ko‘rsatish uchun o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyo bo‘yicha foydalanuvchilarning parollarida eng ko‘p uchraydigan so‘z “Love” bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar