Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga kelayotgani rasman tasdiqlandi
Jamiyat
−
21 avgust
5758Avvalroq, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va birinchi xonimi Mehribon Aliyeva 22-23 avgust kunlari O‘zbekistonga kelishi haqida xabar berilgandi. Prezident matbuot xizmati buni tasdiqladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan amalga oshirilayotgan ushbu davlat tashrifi dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari raisligida oliy darajadagi muzokaralar va davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ma’lum qilinishicha, sammit kun tartibidan O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
O‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, kooperatsiya loyihalarining yangi portfelini shakllantirish, ishbilarmonlik aloqalarini, shu jumladan hududlararo almashinuvni rivojlantirish, transport-kommunikatsiya salohiyatini ro‘yobga chiqarish, madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish va boshqa masalalar diqqat markazida bo‘ladi.
Shuningdek, Prezidentlar ikki mamlakat biznesi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazishi, qator ishbilarmonlik va madaniy tadbirlarda ishtirok etishi ham ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev 11 yillik tanaffusdan so‘ng 2022 yilning 21-22 iyun kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifini amalga oshirgandi. 15-16 sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida faxriy mehmon sifatida ishtirok etish uchun Samarqandga keldi. O‘sha yilning noyabr oyida esa Ilhom Aliyev rafiqasi – vitse-prezident Mehribon Aliyeva bilan Turkiy tilli davlatlar tashkilotining Samarqandda o‘tgan sammitida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga keldi.
O‘tgan yilning avgust oyida esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasi Ziroatxon Mirziyoyeva davlat tashrifi bilan Ozarbayjonga bordi. Tashrif davomida Qorabog‘ga ham borildi va Fuzuliy shahrida O‘zbekiston tomonidan qurilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi 1-sonli maktab ochildi.
8 noyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun Toshkentga yetib keldi.
24 noyabrda esa Shavkat Mirziyoyev BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammiti tadbirlarida ishtirok etish uchun Bakuga bordi. Joriy yilning 5 iyul kuni ham Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan Shusha shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy Davlatlar Tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga bordi.