Ilhom Aliyev Yangi Toshkent loyihasi bilan tanishdi
Jamiyat
−
22:05 386 2 daqiqa
Bugun, 23 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, u yerda Ozarbayjon yetakchisiga Yangi Toshkent bosh rejasi, qurilish ishlarining borishi, shaharning transport va muhandislik infratuzilmasi hamda istiqboldagi rivojlanish rejalari haqida taqdimot qilingan.

Yangi Toshkent 20 ming gektar maydonda barpo etilib, istiqbolda 2 million aholi yashashi uchun mo‘ljallangan. 2034 yilga qadar bu yerda 200 mingta xonadon qurilishi rejalashtirilgan.

Loyihaning 6 ming gektarni qamrab olgan birinchi bosqichida zamonaviy turar joylar, ijtimoiy va biznes ob’ektlari, ta’lim va madaniyat maskanlari bunyod etilmoqda. Xususan, “Yangi O‘zbekiston” universiteti, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti va boshqa oliy ta’lim muassasalarining kampuslari qurilmoqda.

Shaharni barpo etishda zamonaviy urbanistika, “yashil shahar” va energiya samaradorligi tamoyillariga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Muhandislik kommunikatsiyalarini yer ostida joylashtirish, energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish, keng yashil hududlar va jamoat makonlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Transport infratuzilmasi ham yangi shaharning muhim tarkibiy qismi bo‘ladi. Yangi ko‘priklar, metro liniyasi, piyodalar va velosiped yo‘laklari Yangi Toshkentni poytaxtning mavjud hududlari bilan uzviy bog‘laydi.

Shuningdek, shaharda davlat idoralari, ilmiy va madaniy markazlar, mehmonxonalar, servis hamda biznes majmualari barpo etiladi. Loyihaga mahalliy va xorijiy investorlar keng jalb qilinmoqda.
Prezident Ilhom Aliyevga Yangi Toshkentning maketi va rejalashtirilayotgan yirik ob’ektlar haqida ma’lumot berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ilhom Aliyev rafiqasi hamrohligida davlat tashrifi bilan Toshkentga kelgan edi. Tashrif doirasida Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev tor doirada uchrashuv hamda Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda Oliy davlatlararo kengash uchinchi yig‘ilishining qarorini imzoladi. Bundan tashqari, Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarini ikki mamlakatning oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Live
Barchasi